Flydubai pichoqbozlikdan so‘ng Isroilga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi
Olam
−
11:54 290 2 daqiqa
Flydubai aviakompaniyasi Saudiya Arabistonida favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan reys bilan bog‘liq hodisa surishtiruvi yakunlanguniga qadar Isroilga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda aviakompaniya bayonot berdi.
“30 sentyabr kuni FZ 1073 reysi bilan sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng hamda tegishli davlat organlari bilan muvofiqlashgan holda, Flydubai surishtiruv o‘tkazilish davrida Isroilga va Isroildan amalga oshiriladigan reyslarni to‘xtatib turadi”, deyiladi aviakompaniya bayonotida.
Aviatashuvchining bildirishicha, ushbu to‘xtatish tegishli organlarga o‘z ishini davom ettirish va sodir bo‘lgan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash imkonini beradi.
“Biz olib borilayotgan surishtiruvga har tomonlama ko‘maklashish va butun yo‘nalishlar tarmog‘imizda xavfsizlikning eng yuqori standartlariga rioya qilish tarafdorimiz. Biz davlat organlari, tartibga soluvchi tuzilmalar va aeroport vakillari bilan yaqindan aloqada bo‘lib turibmiz hamda yangi ma’lumotlar chiqishiga qarab parvozlarni to‘xtatish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqamiz”, deyiladi bayonotda.
Flydubai samolyoti bortidagi favqulodda hodisa
Isroil Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari havo kemasi tomon havoga ko‘tarilgan edi. Keyinchalik havo kemasi Saudiya Arabistoniga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan Flydubai aviakompaniyasi Isroil televideniyesiga “Dubay—Tel-Aviv” reysidagi uchuvchilar o‘rtasida bortda mushtalashuv sodir bo‘lganini xabar qildi.
Tez orada samolyot ichidan olingan dastlabki foto va videolar paydo bo‘ldi. Suratda, taxminlarga ko‘ra, hujumchi bilan olishgan yo‘lovchi tasvirlangan. Hukumat esa uchuvchilardan biri samolyotni qasddan qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tekshirmoqda. Uning harakatlariga ikkinchi uchuvchi va u bilan olishuvga kirishib, falokatning oldini olgan isroillik yo‘lovchilar chek qo‘ygan deb taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, samolyot uchuvchilarining fuqaroligi bo‘yicha yana bir versiya yangradi. Rossiya va Ukraina fuqaroligi haqidagi versiyadan so‘ng, uchuvchilar Ummon va BAA fuqaroligiga ega ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik uchuvchilardan biri hujumdan so‘ng pichoq jarohatlari oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqaldi.
Ommaviy axborot vositalarida Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan uchuvchilar yo‘lovchi sifatida uchib ketayotgani va Flydubai samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishgani haqida ham xabar berilgan edi. Keyinchalik Flydubai samolyoti bortida hamkasbining hujumidan jarohat olgan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi