FQB agentlari Trampning qarorgohidan nimani qidirgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
12 avgust 2022
16592Federal qidiruv byurosi (FQB) AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampning Floridadagi mulkida yadroviy qurolga oid maxfiy hujjatlarni qidirgan. Bu haqda kecha, 11 avgust kuni “The Washington Post” manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, tintuv amaldagi rasmiylarning maxfiy ma’lumotlardan chuqur tashvishlanayotganidan dalolat beradi, ularning fikricha, hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llarga tushib qolishi mumkin. Gazeta suhbatdoshlari FQB agentlari qanday ma’lumotlarni qidirayotgani, bu AQSH yoki boshqa davlat yadroviy qurollariga oidligi haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan. Shuningdek, ular tintuv paytida bunday hujjatlar topilgan yoki topilmaganiga ham oydinlik kiritmagan. Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi maqolada keltirilgan ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortgan.
“The Washington Post” gazetasiga intervyu bergan ekspertlarning fikricha, qoida tariqasida, bunday hujjatlar qat’iy maxfiy bo‘lib, unga cheklangan doiradagi AQSH rasmiylarining “qo‘li yetadi”. AQSH yadroviy qurollari haqidagi tafsilotlarni oshkor qilish, deya davom etadi gazeta, ushbu tizimlarga qarshi kurashish yo‘llarini ishlab chiqishga intilayotgan dushmanlar uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Adliya vazirligi kontrrazvedka xizmati sobiq rahbari Devid Laufmanning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar AQSH xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maxfiy hujjatlarni imkon qadar tezroq qaytarishga harakat qilishgan.
“Agar bu rost bo‘lsa, [Trampning] Mar-a-Lago shahrida noqonuniy saqlanayotgan materiallarning maxfiyligi eng yuqori darajada bo‘lishi mumkin. Agar FQB va Adliya vazirligi Mar-a-Lagoda hali ham o‘ta maxfiy materiallar borligiga ishonganida edi, ularni imkon qadar tezroq qaytarib olish uchun aqldan ozgandek harakat qilishardi”, deydi Laufman nashrga.
Maqolada ta’kidlanishicha, AQSH razvedkasining sobiq amaldorlari Tramp ma’muriyati rasmiylari maxfiy razvedka ma’lumotlari, jumladan Eron haqidagi ma’lumotlar bilan ishlash va saqlashda doimiy ravishda qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani haqida xabar berishgan. Shunday qilib, bunday ma’lumotlar zaruriy martabaga ega bo‘lmagan amaldorlarning qo‘liga tushgan. Bu o‘rinda gap avvalo chet el rahbarlari bilan elektron pochta yozishmalari va telefon qo‘ng‘iroqlari haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, sobiq Prezident Donald Tramp joriy yilning 8 avgust kuni FQB agentlari uning Floridadagi qarorgohida tintuv o‘tkazgani haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi