Fitso Putindan so‘ng Zelenskiy bilan ham uchrashmoqchi
Olam
−
17 yanvar
2453Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso yaqin orada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishini aytdi. Bu haqda kecha, 16 yanvar kuni Chexiyaning "Irozhlas" nashri xabar berdi.
"Biz yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuv uchun boshqa sanani qidirmoqdamiz", degan Fitso jurnalistlarga bergan intervyusida.
U uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joyni ochiqlamagan.
Fitso va Zelenskiy so‘nggi bir necha hafta davomida ochiq to‘qnashuvda bo‘ldi, birinchi navbatda, Ukraina 1 yanvar kuni Rossiya gazining G‘arbga tranzitini to‘xtatgani uchun.
Slovakiya bundan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biri bo‘ldi. Dekabr oyi oxirida Fitso Moskvaga bordi va u yerda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, gaz ta’minoti taqdiriga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Zelenskiy Fitsoni “davlat manfaatlari yo‘lida savdo qilishda” aybladi, shundan so‘ng Slovakiya Bosh vaziri Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi.
Keyinchalik siyosatchilar bir-biriga nisbatan qator haqoratli bayonotlar almashdi.
13 yanvar kuni Robert Fitso Vladimir Zelenskiyni Rossiya gazining tranziti bo‘yicha muzokaralarga taklif qildi.
“Sizning Ukraina orqali Slovakiya va boshqa iste’molchilarga gaz tranzitini to‘xtatish haqidagi qaroringiz Ukrainaning o‘ziga, Slovakiyaga va xususan Yevropa Ittifoqiga katta zarar yetkazadi. Bu ikki tomonlama munosabatlarga ham, ko‘p tomonlama munosabatlarga ham hissa qo‘shmaydigan turli xil reaksiyaga sabab bo‘lmoqda”, deb yozdi Slovakiya Bosh vaziri Facebook'da.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Slovakiya hududida, Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda bo‘lib o‘tishi mumkin.
"Yaxshi. Juma kuni Kiyevga keling", deb yozdi Ukraina Prezidenti X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar