Fitna qurboni. Bolsheviklarga qarshi kurashgan Madaminbek qo‘rboshini kim o‘ldirgan?

Bu qiziq

image

“Kim bo‘lishdan qat’i nazar, uning vatanparvarligi so‘zi bilan emas, ishi bilan isbot qilinadi”.

Vissarion Grigorevich Belinskiy

1917 yilning oktyabr oyi, Rossiya imperiyasi poytaxti Petrograd (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida hokimiyatga qarshi norozilik namoyishlari ayni avjiga chiqgan palla. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan inqilob natijasida, Vladimir Lenin boshchiligidagi Bolsheviklar partiyasi hokimiyatni egallab oldi. Ular tabiiy resurslarga boy Turkiston o‘lkasini o‘z davlatlari tarkibiga qo‘shib olishni ko‘zlab harbiy harakat boshladi. Ammo, Turkistonning jasur o‘g‘lonlari qizillar (Bolsheviklar)ga qarshi qurol ko‘tarib, vatan ozodligi uchun kurash boshladi.

Sho‘ro davrida Bolsheviklarga qarshi qurol ko‘targan Turkiston o‘g‘lonlari “Bosmachi”, degan nom bilan qoralandi va ularning faoliyatini o‘rganish qat’iyan taqiqlandi. “G‘oliblar tarixini yozadi”, degan tamoyil asosida Sovet davrida tarix bir tomonlama yozilib, mag‘lublar tarixi soxtalashtirildi. Biroq, oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, yaqin o‘tmishimizdagi istiqlol uchun kurashgan sarkarda, lashkarboshi va qo‘rboshilarni tarixdan o‘chirib bo‘lmaydi. Bugungi maqolamizda XX asrning birinchi choragida aynan sovetlarga qarshi qurol ko‘tarib, o‘z xalqining ozodligi uchun kurashgan marg‘ilonlik Madaminbek qo‘rboshi haqida ma’lumot beramiz.

Madaminbekning siyrati

Madaminbekning asl ismi Muhammad Aminbek bo‘lib, u 1892 yilda Marg‘ilon atrofidagi So‘kchilik (hozirgi Toshloq tumanining “Sadda” qishlog‘i)da qashshoqlanib qolgan bekzodalar oilasida tavallud topgan. Otasining ismi Ahmadbek bo‘lib, u insonning ota-bobolari Qo‘qon xonligi davrida turli lavozimlarda ishlagan. Ahmadbekning Marg‘ilonda hunarmandchilik do‘koni bo‘lgan. Madaminbekning onasi esa o‘z davrining oqila ayollaridan hisoblangan. Ayrim tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, u o‘z hovlisida maktab ochib, otinoyi sifatida yosh qizlarni o‘qitgan. Madaminbekning Maqsudali hamda Mamadali ismli ikki akasi hamda Mehriniso va Mayramniso nomli ikki opasi bo‘lgan.

Surgunda o‘tgan uch yil

Madaminbek Marg‘ilondagi mahalliy madrasani tugatgach, tahsilni davom ettirish uchun Buxoroi sharifga jo‘nashga ahd qiladi. Biroq, taqdir Madaminbekka mudarris yoki ulamo bo‘lish qismatini ravo ko‘rmay, uni to‘s-to‘polonlar ichiga tashladi.

1876 yil Qo‘qon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan bo‘lib, vodiy xalqi og‘ir mustamlakachilik zulmi ostida hayot kechirayotgan edi. Madaminbek Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi Farg‘ona vodiysida ko‘tarilgan turli g‘alayon va isyonlarda faol qatnashadi. Shuning uchun o‘lkadagi rus politsiyasi uni 1914 yil qamoqqa oladi. Sud Madaminbekning o‘zi qilmagan jinoyatlar (qotillik va o‘g‘rilik)ni ham bo‘yniga qo‘yib, uni 14 yil muddatga Sibirga katorgaga hukm qiladi. Shunday qilib, yosh Madaminbek hayotining uch yilini Sibirning sovuq o‘rmonlarida o‘tkazadi. Bo‘lajak qo‘rboshi uchun bu yillar izsiz ketmadi. Aynan Sibirdagi og‘ir va mashaqqatli hayot uni kelgusi kurashlar uchun chiniqtirib, uni yurt ozodligi uchun bo‘ladigan hayot-mamot janglariga tayyorlab keldi.

Bolsheviklarga qarshi kurash

1917 yilning fevral oyidagi inqilob natijasida podshoh hukumati ag‘darilgach, Madaminbek Sibirdan o‘z ona yurtiga qaytib keldi. U 1918 yilning boshlarida Marg‘ilonda militsiya boshlig‘i etib tayinlanadi. 1918 yil 19 fevral kuni Turkiston Muxtoriyati tugatilib, Qo‘qon qonga botirilgach, Madaminbek qo‘l ostidagi uch yuz yigit bilan “qizil”larga qarshi kurash boshlaydi. U G‘orbuva qishlog‘ini o‘ziga qarorgoh qilib, Bolsheviklarga qarshi dastlabki janglarini boshlab yubordi. Keyinchalik, Madaminbek G‘orbuvani Shermuhammadbek ixtiyorida qoldirib, o‘zi Baliqchi (Baliqchi vodiyning qoq markazi bo‘lib, ikki ulug‘ daryo Qoradaryo va Norin qo‘shilib, Sirdaryoni hosil qiladigan joy)ga ko‘chadi.

Madaminbek vodiyning turli yerlariga odam yuborib, aholini Bolsheviklarga qarshi kurashga da’vat etadi. Unga Baliqchidan Boytuman hoji, Nayzaqayrag‘ochdan Solih Mahsum, Oq yerdan Qozoqjonbek, Qorako‘ldan Hoshim polvon, Buloqboshidan Mulla Juman, Valikdan Mirkarimboy, Nurulla Mahsum, Abdullajon, Uchqo‘rg‘ondan Nazriddin Mingboshi, Loshmondan To‘xtaboy Ponsod, Qumariqdan Boltaboy Qo‘rboshi, Yozyovondan Yusuf polvon, Qoratepadan Qurbonboy, Varzikdan Abdullajon Mahsum kabi qo‘rboshilar o‘z yigitlari bilan kelib qo‘shiladi. Tez orada, Madaminbekning qo‘shini 4000 kishiga yetadi.

Madaminbek qo‘shinidagi yigitlar jasur, sodiq jangchilar bo‘lsalar-da, ularning aksariyati umrida pichoq, bolta-tesha, ketmon va panshaxadan boshqa qurol ishlatmagan, jang ko‘rgan bo‘lsa-da, katta harbiy operatsiyalarda ishtirok etmagan, jang taktikasidan bexabar bo‘z yigitlar edi. Mahalliy millat vakillari ichida harbiy mutaxassislar bo‘lmagan. Shu tufayli Madaminbek o‘ylab-o‘ylab sobiq podsho Rossiyasi armiyasi zobitlaridan foydalanishga qaror qiladi, Bu vaqtda, vodiyda Bolsheviklar hokimiyatni tan olmagan, ularga qo‘shilmagani uchun ta’qibga uchragan harbiy mutaxassislar juda ko‘p bo‘lgan. Ular ham mavjud hokimiyatga qarshi kurashishni xohlar, vodiyning ruslar ko‘proq istiqomat qiladigan sharqiy qismida (Jalolobod, O‘zgan) o‘z qo‘shinlarini tashkil etishgan edi, Madaminbek ularning huzuriga odam yuborib, umumiy dushman, ya’ni, Bolsheviklarga qarshi, birlashishni taklif qiladi.

Madaminbek asosan Islom bayrog‘i ostida jang qilgani rus ofitserlarini cho‘chitib turgan. Shu tufayli, Madaminbek ularga diniy erkinlik berishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng, Osipov, general Muxanov, polkovnik Belkin (Kornilov), keyinchalik esa, Sharqiy Farg‘onada tarkib topgan nasroniylar armiyasi qo‘mondoni general Monstrov unga qo‘shiladi. Bu otryad urushlarda chiniqqan, tog‘ sharoitida jang qilishga mohir yigitlardan iborat bo‘lib, “Bo‘ri galasi” degan nom orttirgan edi. Unga shtab-kapitan Plotnikov boshchilik qilgan. Rus ofitserlari Madaminbek qo‘shini shtabini boshqarib, yigitlarga zamonaviy jang usullarini o‘rgatgan.

Dastlabki janglar

Madaminbekning dastlabki janglari Marg‘ilon atroflarida, so‘ngra esa Namangan va Baliqchi oralig‘idagi Jiydakapa qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Bu jangda dastlabki xiyonat sodir etildi. Plotnikov boshchiligidagi Pomir otryadi qizillar bilan yarashish maqsadida ularga xat jo‘natgani ma’lum bo‘lib qoldi. Qo‘rboshi Boytuman Hoji buni sezib qolib, Madaminbekka xabar berdi. Madaminbek yetib kelib, otryadni qurolsizlantirdi. Biroq Plotnikovning buyrug‘i bilan qurshovdagi qizil gvardiyachilar Namangan tomon chekinishga muvaffaq bo‘ldi.

Shiddatli janglar asosan 1919 yilda bo‘lib o‘tdi. Madaminbek 1919 yilning boshida eng katta kuch Safonev boshchiligidagi 20 ming askari bo‘lgan Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahriga hujum qildi. Bolsheviklar garnizon qal’asiga berkinib oldi. Jang vaqtida Farg‘ona qo‘shinlar qo‘mondoni Safonev asir olindi. Skobelev jangi sovet qo‘shini, uning boshliqlari uchun katta saboq bo‘ldi. Ular, o‘z qarshilarida betartib, tarqoq to‘dani emas, balki yaxshi uyushgan, salohiyatli armiya turganligini his etdilar.

Madaminbekning dastlabki muvaffaqiyatlari uning obro‘yini oshirdi. Musulmon lashkarboshilarining navbatdagi qurultoyida harakati sustlashgan Katta Ergash qo‘rboshi o‘rniga Madaminbek “Amir al-Muslimin” etib saylandi. Xafa bo‘lgan Ergash qo‘rboshi qurultoy qaroriga bo‘ysunmasligini e’lon qilib, o‘z holicha, kurashni davom ettirishni ma’lum qiladi. Bu orada hasadgo‘ylar ham ko‘paydi. Madaminbek qo‘l ostida jang qilayotgan To‘ychi, Qoraboy, Xolxo‘ja va yana ularga o‘xshash bir necha qo‘rboshilar qanday qilib bo‘lsada, Madaminbekning o‘rniga o‘zlari o‘tirishni ko‘zlab  yashirin yo‘l tutdilar.

1919 yilning 22 oktyabrida Pomirning Irkeshtom (Ergashtom) ovulida Madaminbek rahbarligida Farg‘ona Muvaqqat hukumati tuzildi. Madaminbek qo‘rboshi hukumat raisi va bosh qo‘mondon qilib tayinlandi. Hukumat boshlig‘ining o‘rinbosarligiga Monstrov nomzodi ko‘rsatildi. General Muxanov harbiy vazir, advokat Nyunsberg Ichki ishlar vaziri, Hakimjon Azizxonov Moliya vaziri bo‘ldi. Madaminbek Farg‘ona vodiysida Sovet hukumati organlariga muqobil bo‘lgan siyosiy boshqaruv tizimini joriy etdi. Uning ashaddiy dushmani bo‘lgan Gromatovich Madaminbek tuzgan hukumat haqida shunday yozadi:

“U bizning kamchilik va xatolarimizdan mohirona foydalandi. O‘z qo‘shiniga yagona, uyishgan harbiy qo‘shilma tusini bera oldi. Uning askarlari orasida kuchli harbiy intizom o‘rnata oldi”.

Madaminbek harbiy va moddiy yordam so‘rab Buxoro amirligi va Afg‘oniston hukumatiga o‘z vakillarini yubordi. Ammo, hech qanday yordam ololmadi.

Madaminbekning mahv etilishi

1920 yilning fevralida sovet qo‘shinlari Madaminbek, Shermuhammadbek qo‘shiniga qarshi o‘nlab samolyot, bronepoyezd, katta miqdordagi to‘p pulemyotlar bilan hujumga o‘tdi. Harbiy tashabbus qo‘ldan ketganligini payqagan Madaminbek o‘z qo‘shini, yigitlarini saqlab qolish maqsadida sulh tuzishga majbur bo‘ladi.

1920 yil 6 mart kuni Madaminbek va Veryovkin-Raxalskiy o‘rtasida Skobelev shahrida yarash bitimi imzolandi. Tinchlik bitimida quyidagilar qayd etilgan:

“Men Muhammad Aminbek o‘z qo‘shinim hamda o‘zlarining batamom roziliklarini shaxsan menga izhor qilgan qo‘rboshi va a’zolarim bilan birgalikda tantanali qasamyod qilamanki, endilikda Sovet hokimiyatini tan olaman.

Men tomonimdan tuzilayotgan bitimning muhim shartlari quyidagilar hisoblanadi: qo‘shinim o‘zim bilan birga bo‘lishi hamda meningsiz hech qayoqqa jo‘natilmasligi kerak. Mobodo Farg‘ona sarhadlariga hujum boshlansa, shu zahoti o‘zimning yigitlarim bilan ona yerimni dushmanlardan muhofaza qilishga kirishaman”.

Qo‘rboshi taslim bo‘lgan bo‘lsa-da Bolsheviklar undan hayiqishgan. “Qizillar” 1920 yil 9 aprel kuni Madaminbekning hayotiga suiqasd uyushtirib, uni jismonan yo‘q qilishdi. Qo‘rboshining taqdiri masalasida tarixiy manbalarda bir-biriga qarama-qarshi ma’lumotlar beriladi. Jumladan, Sovet davrida yozilgan adabiyotlarda Madaminbekni “sotqin” sifatida Shermuhammadbekning buyrug‘i bilan Xolxo‘ja tomonidan otib tashlangani ta’kidlanadi.

Ingliz tarixchisi Glenda Frezer o‘zining “Bosmachilar” asarida shunday yozadi:

“Madaminbek Shermuhammadbek oldiga tinchlik missiyasi uchun jo‘natildi. Shermuhammadbek Madaminni ayg‘oqchi sifatida 14 may kuni otib tashlaydi”.

Ammo, bu fikrlar hech qanday dalil-asosga suyanmaydi. Turk tarixchisi Ali Bodomchining ikki jildlik “Qo‘rboshilar” asarida yozishicha Madaminbekni Xolxo‘ja o‘ldirmagan. Turk tarixchisi qo‘rboshini Shermuhammadbek o‘ldirgan, degan fikrni ham rad etadi. U Madaminbekni o‘ldirilishini Sovetlar uyushtirganini asosli dalillar bilan isbotlaydi. Bu ishni ruslarga sotilgan Soyib qori va Lutfullo maxdum amalga oshirgan. Ali Bodomchining ta’kidlashicha ular Madaminbekni o‘ldirib, so‘ng Buxoroga qochib ketishgan.

Shermuhammadbek o‘z xotiralarida Madaminbekning o‘ldirilishi haqida yozib qoldirgan:

“Muhammad Aminbekning o‘lganini, – deb eslaydi Shermuhammadbek, – men kech eshitdim. Karboboga qaytkanimizdagina bu haqda xabar yopdik. Jang paytida unga hech ko‘zim tushmadi. Chunki, biz hayot-mamot jangiga kirgan edik. Xolxo‘ja Muhammad Aminbekni asir olgan paytda uni askarlaridan Soyib qori va Lutfullo maxdumga topshirgan edi. Ular qo‘rboshini o‘ldirib Buxoroga qochdilar. Muhammad Aminbekni men yoki Xolxo‘ja tomonidan o‘ldirilgan degan fikr ruslar tomonidan bizga qarshi qilingan tashviqot edi”.

Madaminbek yurt ozodligi va istiqloli uchun kurashib, qurbon bo‘ldi. Qo‘rboshining qabri hozirgi Qirg‘iziston Respublikasi hududida, Oloy vohasidagi Shig‘ay qishlog‘idadir. Bu manzil XX asrning 20-yillaridan boshlab o‘zbek, qirg‘iz va boshqa turkiy xalqlarning ziyoratgohiga aylangan. Qabr ustiga o‘rnatilgan marmartoshda “Turing begim, gunohlarni yuvaylik, bosqinchini Ona yurtdan quvaylik!” degan she’riy bitik lotin imlosida o‘zbek tilida o‘yib yozilgan. She’riy matn ostida qilichning rasmi aks ettirilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

623

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing