Finlyandiya Prezidenti O‘zbekistonga keladi

Jamiyat

image

Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish masalalari Finlyandiya Prezidentining mamlakatga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik nuqtai nazaridan atroflicha ko‘rib chiqilgan.

“Konstruktiv siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda tovar ayirboshlash 24 foizga oshdi. 2022 yildan mamlakatimizda Finlyandiyaning "Nordik" universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi, kimyo, energetika, konchilik, telekommunikatsiya va boshqa innovatsion tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, jumladan, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

Aniq loyihalarni tayyorlash uchun Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes forumini o‘tkazish taklif qilingan. Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Nizolarni xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Muloqot davomida O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqilgan. Suhbat avvalida AQSH Prezidenti so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholagan va qo‘llab-quvvatlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Finlyandiya Aleksandr Stubb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing