FIFA JCH finali o‘tkazilgan stadion maysalarini sotmoqchi
Sport
−
09:09 1913 1 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026 yilgi Jahon chempionati finali bo‘lib o‘tadigan Nyu-Yorkdagi stadion maysasining bir qismini sotuvga chiqaradi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus qatron ichiga joylangan maysa bo‘lagining narxi 450 dollardan 3000 dollargacha bo‘ladi. Maysa parchalarini yetkazib berish joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan final uchrashuvidan keyin boshlanadi. Hozircha yetkazib berish xizmati faqat AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa mamlakatlaridagi xaridorlar uchun amal qiladi.
Maysa akril korpusga joylashtirilgan bo‘lib, unda 2026 yilgi Jahon chempionati logotipi, final o‘yini o‘tkazilgan stadion nomi, uchrashuv sanasi va yakuniy hisob aks ettiriladi. To‘plamga, shuningdek, haqiqiylik sertifikati saqlangan USB flesh-xotira ham qo‘shib beriladi.
Mahsulot Britaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, 450, 900, 1200 va 3000 dollarlik to‘rt xil to‘plam ko‘rinishida taqdim etiladi. Har bir variant atigi 2026 nusxada ishlab chiqariladi. Barcha to‘plamlar sotilishi natijasida 11,2 million dollardan ortiq daromad olinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Hozirda turnir g‘olibligi uchun, Fransiya, Ispaniya, Angliya, Norvegiya, Argentina va Shveysariya terma jamoalari kurash olib bormoqda.
Live
Barchasi