FIFA Vinisiusni haqoratlagan futbolchini yana jazoladi
Sport
−
06 may 1238 1 daqiqa
FIFA “Benfika”ning argentinalik hujumchisi Janluka Prestiannining diskvalifikatsiyasini kengaytirdi. Jazo endilikda uning milliy terma jamoadagi o‘yinlariga ham tatbiq etiladi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Shu sabab, agar u Argentina terma jamoasiga Jahon chempionati uchun jalb etilsa, guruh bosqichidagi Jazoir va Avstriyaga qarshi ikkita uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Avvalroq, UEFA futbolchini Chempionlar ligasi 1/16 final bosqichidagi “Real”ga qarshi o‘yinda Vinisius Juniorga nisbatan irqchilik qilgani uchun 6 o‘yinga diskvalifikatsiya qilgan edi (shundan 3 tasi shartli). Prestianni hozirgacha bir o‘yinni o‘tkazib yuborgan.
20 yoshli hujumchi hozircha amaldagi jahon chempionlari safida atigi bitta o‘yin o‘tkazgan. Shuningdek, u mart oyida Mavritaniya va Zambiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlariga chaqirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda Xalqaro futbol qoidalari kengashi (IFAB) kamsituvchi va noo‘rin xatti-harakatlarni bartaraf etish uchun ikkita qoida ma’qullangandi.
Live
Barchasi