FIFA Tramp minorasidagi ishlatilmaydigan ofis uchun 4 mln dollar to‘laydi – OAV
Sport
−
10:20 590 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Nyu-Yorkdagi Tramp minorasida joylashgan ofisni yetti yildan ortiq muddatga ijaraga olish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Ijara qiymati jami qariyb 4 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ijaraga olingan maydondan FIFA deyarli foydalanilmayapti. Taxminan 465 kvadrat metrlik ofis AQSH Prezidenti Donald Tramp oilasiga tegishli binoning 17-qavatida joylashgan.
FIFA ushbu ofisda doimiy ishlaydigan xodimlarni joylashtirishni rejalashtirmayapti. Bino asosan maxsus tadbirlar va yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashuvlar, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi davrida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Mazkur kelishuv FIFA’ning ayrim yuqori lavozimli rahbarlari orasida savollar tug‘dirgan. Ular tashkilotning AQSHdagi asosiy ofislari Mayamida joylashganini hisobga olib, Nyu-Yorkda qo‘shimcha maydonni ijaraga olish zaruratiga shubha bildirgan.
Manbalarga ko‘ra, ushbu binoda vakolatxona ochish tashabbusi FIFA prezidenti Janni Infantino tomonidan ilgari surilgan. FIFA esa ijara shartnomasi bozor narxlari va mahalliy qonunchilik talablariga muvofiq tuzilganini bildirgan. Tashkilot kelishuv ichki tartib-qoidalar asosida amalga oshirilganini ta’kidlab, Nyu-Yorkda vakolatxonaga ega bo‘lish xalqaro tashkilot uchun mantiqan to‘g‘ri qaror ekanini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janni Infantino tashkilotdagi maoshidan tashqari, 2026 yilgi Jahon chempionatini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyadan ham 1,76 million dollar olgani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq ushbu to‘lovlar FIFA’ning hisobotlarida aks ettirilmagan.
Live
Barchasi