FIFA Ispaniya futbol federatsiyasini jazoladi
Sport
−
11:02 357 1 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasiga (RFEF) Misr terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida muxlislar tomonidan aytilgan kamsituvchi shiorlar uchun jazo choralarini qo‘lladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Hodisa 2026 yil 31 mart kuni Barselonadagi RCDE stadionida sodir bo‘lgan. Golsiz durang bilan yakunlangan uchrashuv davomida ayrim ispaniyalik muxlislar musulmonlarga qarshi haqoratli shiorlar aytgan.
Voqea “Barselona” va Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamalning munosabati tufayli alohida e’tibor tortdi. Musulmon futbolchi muxlislarning xatti-harakatlarini ochiq qoralab, ularni irqchilik ko‘rinishi va qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb atagan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, FIFA intizom qo‘mitasi Ispaniya federatsiyasiga 20 ming dollar jarima belgiladi. Shuningdek, terma jamoaning keyingi uydagi o‘rtoqlik uchrashuvida stadiondagi tomoshabinlar o‘rindiqlarining kamida 15 foizi yopilishi kerak.
Biroq FIFA muqobil chorani ham ko‘rib chiqishi mumkin. Unga ko‘ra, belgilangan o‘rindiqlardan oilalar, talabalar va kamsitishga qarshi kurashuvchi tashkilotlar vakillari foydalanishi mumkin.
Ispaniya federatsiyasi qarordan noroziligini bildirib, uchrashuv tashkilotchilari voqeaga zudlik bilan munosabat bildirgani va haqoratli shiorlarni to‘xtatish choralarini ko‘rganini ta’kidladi. RFEF jazoni haddan tashqari qattiq deb hisoblamoqda va sanksiyalar ustidan Sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.
Qayd etish joiz, FIFA intizom qo‘mitasi Ispaniya federatsiyasining dastlabki apellyatsiyasini rad etgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr