FIFA futbolni rivojlantirish uchun 6,35 mlrd dollar ajratishmoqchi

Sport

−

image

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) kelgusi to‘rt yillik davrda futbolni rivojlantirish dasturlariga ajratiladigan mablag‘ miqdorini 6,35 milliard dollarga yetkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA o‘z moliyaviy zaxiralaridan 3,5 milliard dollardan ortiq mablag‘ni ushbu maqsadlar uchun yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Tashkilotning 2022-2026 yillardagi daromadi qariyb 15 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Bu avvalgi prognozlardan ancha yuqori ko‘rsatkichdir.

Taklifga muvofiq, FIFA’ga a’zo bo‘lgan 211 ta milliy futbol federatsiyasining har biri, jumladan O‘zbekiston FA ham kelgusi to‘rt yil davomida 25 million dollargacha mablag‘ olishi mumkin. Bu avval rejalashtirilgan 10 million dollardan ancha ko‘p.

Shuningdek, oltita qit’a konfederatsiyasining har biriga 99 million dollardan ajratish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning 28 sentyabr kuni FIFA prezidenti Janni Infantino qit’a konfederatsiyalari rahbarlariga mazkur taklif yuzasidan maktub yo‘llagan. Rejaga ko‘ra, taklif FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishida yakuniylashtirilib, 2027 yil mart oyida tashkilot kongressida tasdiqlanishi kerak.

Ma’lumot uchun, Janni Infantino 2016 yildan buyon FIFA prezidenti sifatida faoliyat yuritib keladi. U ko‘plab tanqidlarga qaramay 2027 yil 18 mart kuni Marokashning Rabot shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan saylovda FIFA prezidenti lavozimiga qayta saylanish niyatida ekanini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing