FIFA Balogunni 40 ming dollar jarimaga tortdi
Sport
−
08:17 7168 2 daqiqa
FIFA Intizom qo‘mitasi AQSH milliy terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunni Jahon chempionati 1/8 finalida Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda olgan qizil kartochkasi bilan bog‘liq holat yuzasidan 40 ming dollar jarimaga tortdi. Bu haqda FIFA matbuot xizmati xabar berdi.
Balogun mazkur uchrashuvning 64-daqiqasida raqib himoyachisi Tarik Muxaremovichning to‘pig‘ini bosib yuborgani uchun VAR tekshiruvidan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan edi. Uchrashuv AQSH terma jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
Shunga qaramay, o‘yin tugagach, Balogun qizil kartochka olganiga qaramasdan, jamoadoshlari bilan g‘alabani nishonlash uchun maydonga qaytgan.
Ma’lum qilinishicha, jarimaning 20 ming dollari FIFA Intizom kodeksining 14-moddasi – o‘yinchilarning gol yoki g‘alabani nishonlash tartibiga oid qoidalarni buzgani uchun, qolgan 20 ming dollari esa Intizom kodeksining 66-moddasi – qizil kartochka olgan futbolchining chetlatish tartibiga rioya etmagani uchun qo‘llanilgan.
Jurnalist Rob Xarrisning ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, ushbu jarimaning yarmi – 20 ming dollar AQSH futbol federatsiyasi tomonidan to‘lab beriladi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Balogun Belgiyaga qarshi keyingi 1/8 final uchrashuvini avtomatik tarzda o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq, joriy yilning 5 iyul kuni FIFA Intizom qo‘mitasi Intizom kodeksining 27-moddasiga asosan uning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatib qo‘ydi.
Mazkur modda qo‘mitaga ayrim intizomiy jazolar ijrosini vaqtincha to‘xtatib turish huquqini beradi.
“The Guardian” nashrining xabar berishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Balogun masalasi yuzasidan FIFA rahbariyati bilan uch marta telefon orqali muloqot qilgan. Trampning o‘zi ham Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda FIFA prezidenti Janni Infantinodan Balogunning diskvalifikatsiyasini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini tasdiqlagan. Infantino esa FIFA’ning intizom organlari mustaqil faoliyat yuritishini ta’kidlagan.
Bu qaror katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi uni “misli ko‘rilmagan” va “tushunarsiz” qaror deb atadi. Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Rudi Garsiya esa bu holatni “1 aprel hazili”ga qiyosladi. Keyinchalik belgiyaliklarning apellyatsiyasi FIFA tomonidan rad etildi.
Eslatib o‘tamiz, Balogun Belgiyaga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan bo‘lishiga qaramay, AQSH yevropaliklarga 4:1 hisobida imkoniyatni boy berdi va mundialni tark etdi.
Live
Barchasi