Farzandlari bilan o‘zini suvga tashlagan ayol qamoqqa olindi
3-sahifa
−
21 noyabr 2022 9015 2 daqiqa
Qaynonasi bilan kelishmovchilik tufayli o‘zi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandini Darg‘om kanaliga tashlagan 26 yoshli samarqandlik ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi xabar berdi.
Gap shundaki, joriy yilning 1 noyabr kuni Samarqand tumani “Jarqishloq” mahallasida yashovchi 26 yoshli ayol A.Q. qaynonasi S.Q. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida voyaga yetmagan 3 nafar farzandi bilan birga yashash uyidan chiqib ketib, ota-onasining uyiga borgan.
Shundan so‘ng, 3 noyabr kuni A.Q. voyaga yetmagan qizini onasini uyidan, o‘g‘illarini maktabgacha ta’lim muassasasidan olib, Samarqand tumani “Yangiariq” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Darg‘om” kanalining oldiga kelib, o‘zi va farzandlarini suvga tashlagan. “Oq-amur” nomli oshxonada yollanma ishchi bo‘lib ishlovchi fuqarolar A.Q. hamda uning 2 nafar farzandini suvdan chiqarib olgan. Biroq, ayolning bir nafar farzandi voqea joyida vafot etgan.
Oradan 10 kun o‘tib, 13 noyabr kuni A.Q.ning voyaga yetmagan farzandi murdasi “Darg‘om” kanalining qirg‘og‘idan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan A.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr