Farhod Mannopovning operatsiyasida shifokorlar bir qator xatolarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi
Tahlil
−
05 aprel 2023
36973Shu yilning 5 mart kuni vafot etgan “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan 27 yoshli bloger Farhod Mannopov o‘limi yuzasidan “Star Med Center” klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ma’lum bo‘ldi. Bu bo‘yicha tuzilgan hujjat QALAMPIR.UZ'ga yetib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirining 2023 yil 7 martdagi 43-sonli buyrug‘i asosida “OMAD PLYUS” MCHJda tashkil etilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi:
Tekshirish jarayonida bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizomning 27- ilovasida belgilab berilgan bir qator litsenziya talab va shartlari buzilgan.
Xususan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan “Star Med Center” klinikasida bemorga anestiziolog va reanimatolog sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor J.Q.da malakaviy toifa bo‘lmagan. Klinika esa bunday sharoitda uning bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ygan.
Anestiziolog va reanimatolog shifokorning malakaviy toifasini tasdiqlovchi amaldagi hujjat taqdim etilmagan.
Tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga ko‘ra esa tibbiy xodimlarga nisbatan talablar belgilangan bo‘lib, vrach-mutaxassislarda tegishli tibbiy mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot va malakaviy toifa hamda belgilangan tartibda olingan malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikat mavjud bo‘lishi shart.
Xuddi shunday, Farhod Mannopovning plastik jarroh shifokori ham yetarli tajribaga ega emas bo‘lib chiqdi.
Gap shundaki, Mannopovga operatsiya vaqtida plastik jarroh shifokori sifatida xizmat ko‘rsatgan shifokor E.A. Andijon davlat meditsina institutining davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishini 2019 yil 17 iyunda tugatgan.
Mazkur mutaxassisning ish staji besh yil bo‘lmaganligi uchun undan davolash ishi, umumiy amaliyot shifokori yo‘nalishida tibbiy faoliyat yuritishi, shuningdek, plastik jarrohlik bo‘yicha ambulator sharoitda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun malaka toifasiga ega bo‘lishi talab etilmagan.
Biroq u bemor Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan.
Lekin “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan Plastik jarroh shifokori E.A.da malakaviy toifasi bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgan va litsenziya talabi buzilgan. Ushbu xolat esa litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Bundan tashqari, bosh va burun sohasidan jiddiy jarohat olgan blogerga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor J.Sh. hamda ultratovush tekshiruvlari shifokori R.S.ning o‘zlari faoliyat yuritayotgan tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi amaldagi hujjatlar tekshiruvda taqdim etilmagan.
Shu bilan birga, laborant shifokorning belgilangan tartibda olingan malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikati tekshiruvga taqdim etilmagan. Shu bois ularga malakaviy toifa bo‘lmagan bir vaziyatda bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilgani litsenziya talablarini buzish hisoblanadi.
Qolaversa, statsionar bemorning tibbiy kartasi, shifokorning kundalik qabul jurnali, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasaga kelganlarni qayd qilish jurnali, o‘tkazilgan narkozlarni qayd etish jurnali, kompyuter tomografiyasi (KT) tekshiruvlarni qayd etish jurnali, buyraklar ultratovush va siydik qopini tekshirish bayonnomasi, qonning umumiy tahlili blankasi, siydik tahlili blankasi litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan namunalar va shakllar bo‘yicha yuritilmagani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Omad Plyus” MCHJ (“Star Med Center” klinikasi)da o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin vafot etgan bemor Farhod Mannopovga yuritilgan 548/300-sonli bemorning tibbiy bayonnomasi ham davolovchi shifokor tomonidan to‘liq to‘ldirilmagan. Masalan, tibbiy bayonnomaning qon guruhi, rezus mansubligi, dorilarning nojo‘ya ta’siri, kasalxonada qo‘yilgan yakuniy tashxis, davolash natijalari kabi ustunlar davolovchi shifokor tomonidan to‘ldirilmagan.
Tibbiy faoliyat litsenziyasi talab va shartlariga ko‘ra esa litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan namunalar va shakllar bo‘yicha birlamchi tibbiy hujjatlarni yuritish litsenziat tomonidan tibbiy faoliyatni amalga oshirishda rioya qilinishi shart bo‘lgan talab hisoblanadi.
Tekshirish jarayonida “VS-5800” turidagi gematologiya analizatorida bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatilganligi va ushbu tibbiy texnika metrologik me’yorlarga mosligi bo‘yicha davriy metrologiya ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi aniqlangan.
Tekshirishga ekspert sifatida jalb etilgan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi 2-anestiziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Z.Gaziyevning xulosasiga ko‘ra bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida quyidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan:
Birinchidan, rejali jarrohlik amaliyotidan oldin premedikatsiyaning barcha komponentlari qo‘llanilmagan. Bunda antigistamin, benzodiazepin preparatlari qo‘llanilib, bemor eyforiya xolatida operatsiyaga olib kirilishi kerak bo‘lgan;
Ikkinchidan, izoket dori vositasi boshqariladigan sun’iy gipotenziya chaqirish maqsadida qo‘llanilmaydi. Mannopovda esa u qo‘llangan;
Uchinchidan, bemorga ingalyatsion anesteziya qo‘llanilganda, uzluksiz tana harorati va kapnografik monitoring olib borilmagan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Farhod Mannopov basseynda olgan jarohatidan keyin boshi kuchli og‘riyotganligini ma’lum qilgan. Biroq, “Omad Plyus” MCHJ (“Star Med Center” klinikasi)da jarrohlik amaliyoti o‘tkazishdan oldin bemor Farhod Mannopovda to‘liq bosh miya MSKT tekshiruvi o‘tkazilmagan.
“OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatilishida litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan va (yoki) xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan o‘tgan profilaktika usullari, diagnostika va davolash standartlariga to‘liq rioya etilishi ta’minlanmagan va litsenziya talabi buzilgan.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 14 iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 48-moddasiga asosan, quyidagicha qaror qabul qilgan:
1. Bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatgan vrachlar: anesteziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlar shifokorining o‘zlari faoliyat yuritayotgan tegishli ixtisosliklar bo‘yicha malakaviy toifalarini tasdiqlovchi hujjatlar 2023 yilning 03 aprel sanasiga qadar “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilishi kerak.
2. Bemor Farhod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatgan laborant shifokor belgilangan tartibda olingan malaka oshirish bo‘yicha amaldagi sertifikati 2023 yilning 03 aprel sanasiga qadar “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilishi kerak.
3. Statsionar bemorning tibbiy kartasi, shifokorning kundalik qabul jurnali, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasaga kelganlarni qayd qilish jurnali, o‘tkazilgan narkozlarni qayd etish jurnali, kompyuter tomografiyasi (KT) tekshiruvlarni qayd etish jurnali, buyraklar va siydik qopining ultratovush tekshirish bayonnomasi, qonning umumiy tahlili blankasi, siydik tahlili blankasini litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan namunalar va shakllar bo‘yicha yuritilayotganini tasdiqlovchi hujjatlar 2023 yilning 03 aprel sanasiga qadar “OMAD PLYUS” MCHJ tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilishi kerak.
4. “OMAD PLYUS” MCHJda birlamchi tibbiy hujjatlarning barcha ustunlari shifokorlar tomonidan lozim darajada to‘ldirib borilishi bosh shifokor tomonidan nazoratga olinishi va bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ma’lumot taqdim etilishi kerak.
5. “OMAD PLYUS” MCHJda bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishda litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan va (yoki) xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan o‘tgan profilaktika usullari, diagnostika va davolash standartlariga rioya qilinishi ta’minlanishi va bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ma’lumot taqdim etilishi kerak.
6. Bemor Farxod Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgan “VS-5800” turidagi gematologiya analizatorini metrologik me’yorlarga mosligi bo‘yicha metrologiya ko‘rigidan o‘tkazish ta’minlanishi va bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga ma’lumot taqdim etilishi kerak.
LiveBarchasi