Farmon Toshev: Ziyolilar uchun jiddiy ogohlantirish bu 

Jamiyat

image

Zarnews.uz saytida «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshevning rus tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi tashabbusga o‘zining munosabatini bildirdi. 

– To‘g‘risi, rus tiliga rasmiy til maqomini berishga oid murojaatni yozish, e’lon qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadni bilmayman. Ammo shu murojaatni keng jamoatchilik, tilimizning jonkuyarlari uchun bir ogohlantirish sifatida qabul qildim, – deydi Farmon Toshev. – Ogohlantirishki, ona tilimiz, milliy o‘zligimiz, sha’nimizni mustahkamroq asrash, uni faqat qog‘ozda emas, odamlarning ko‘nglida, ongu shuurida muhrlash kabi ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketganini ko‘rsatish bu.

Muallif shuningdek, ona tilimizning nufuzini ko‘tarish maqsadida falon ishlar qilindi, deb ko‘p gapirilgani, ammo amalda hatto bitta do‘konning peshlavhasini ham o‘zbek tilida yozdirish shunchalik ahamiyatsiz narsaga aylandiki, bu haqda ommaviy axborot vositalaridagi minglab chiqishlar ham qog‘ozda qolib ketganini e’tirof etgan.

Publitsist Farmon Toshevning quyidagi fikrlari, e’tirozlari esa sizni ham mulohazaga chorlashi aniq. 

“Yaqinda bir talaba maqola yozib keldi. «Ustoz, - deydi u maqolasini menga uzatishdan oldin. – Buni juda katta bir istihola bilan yozdim. To‘g‘risi, sizga berishga ham iymanayapman. Ammo…»

Maqolasini o‘qib chiqdim. “Ko‘cha-ko‘yda, tashkilotlarga u bu masalada borsam, o‘zbek tilida gapirsam e’tibor ham qaratishmaydi. Rus tilida fikrimni bildirsam, darhol munosabat o‘zgaradi, ba’zida o‘ylanib qolaman, nega o‘zimizni shunchalik xo‘rlaymiz”, deb yozgan talaba shu fikrlarini aytishga ham andisha qilib turibdi!

Bu yerda gap millatchilik, shovinizm haqida emas. Gap bugun shundog‘am andishamizmi, e’tiborsizligimiz tufaylimi, hamon o‘z tilimizdan ko‘ra begona tillarga qulluq qilib kelayotganimizda. Buni to‘g‘ri tushunish kerak, sobiq ittifoqning ta’siri hanuz saqlanib qolingan degan fikrlar shunchaki bahona, deb o‘ylayman. Millat ziyolilarining yetarli sa’y-harakat olib bormagani natijasi bu. Biror bir mamlakatda davlat tili maqomi berilgan ona tili o‘z mavqeiga erishishi uchun bu darajada sustkashlik bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Yuqorida ta’kidlaganimday, bunga o‘zimiz yo‘l qo‘yib berdik.

Ommaviy axborot vositalarining o‘zi adabiy tilga nisbatan hurmatsiz munosabatni hamon davom ettirmoqda. Badiiy filmlar, ko‘rsatuvlarda qahramonlarning shevada, boshqa tillar aralashmasida gapirishi oddiy holga aylandi. Rus tilida hujjatlar yuritilishiga ham ruxsat berildi, katta yig‘inlarda pasportida o‘zbek deb yozilgan kishilar bemalol «rus tilida fikrimni ifodalash qulay», deya rus tilida ma’ruza qildi.

Chekka bir qishloqdagi do‘konlardagi peshlavhalar ham rus tilida yozilishiga nima deysiz?! Bularning bari oxir-oqibat oddiy odamlar orasida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Va yuqoridagi talaba kabi yana o‘z yurtida, o‘z ona tilida murojaatdan ko‘ra, boshqa tilda fikrni ifoda etishi unga foydaliroq bo‘ldi. Farzandlarimizni tili chiqqandanoq boshqa tillarga o‘rgata boshlayapmiz – ingliz, rus, xitoy, yapon, koreys… Bu qaysidir ma’noda yaxshi yutuq, albatta. Ammo ona tilimizga muhabbat onalardan o‘tmayapti, chunki ular o‘z ona tilida to‘g‘ri, mazmunli alla aytib berolmay qoldi. Bunisi endi fojia.

Yana takror aytmoqchiman: ushbu murojaat biz, ziyolilar uchun jiddiy ogohlantirish. Endi shunchaki gap bilan emas, jiddiy amallar bilan o‘z ona tilimizni, davlat tilimizning tom ma’nodagi maqomini oshirishga harakat qilmog‘imiz darkor.”


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

97

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing