Farida Afro‘z yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
10:57
12607O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sobiq deputati, shoira Farida Afro‘z (Farida Bo‘tayeva) Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kecha, 3 dekabr kuni Yozuvchilar uyushmasida Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari hamda uyushma jamoasi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘inni uyushma raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib borgan. So‘zga chiqqanlar Farida Afro‘zga ushbu mas’uliyatli vazifani vijdonan va halol bajarishda muvaffaqiyat tilagan.
U ushbu lavozimga Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, shoir Botirjon Ergashevning Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga direktor bo‘lib o‘tishi ortidan tayinlandi.
Ma’lumot uchun, shoira 1956 yil 5 martda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida tahsil olgan. “Qirq kokilligim” (1986), “Iztirob ko‘ylagi” (1992), “Tunlar isyoni” (1994), “Ko‘zim manim…” (1999), “O‘zimdan o‘zimgacha” (2001), “Ushshoq” (2004), “Tasbeh” (2006), “O‘sha kun bugundir” (2012) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bundan tashqari, uning “Qirq qo‘shiq”, “Ayol qalbi”, “Kel, bugunni bayram qilaylik” audio kitoblari disk shaklida chiqib, adabiyot ixlosmandlari ko‘nglidan joy olgan.
Uning she’rlari rus, turk, ingliz, nemis, fransuz, fors, uyg‘ur, ozarbayjon, gagauz, xitoy, koreys kabi bir qator xorijiy tillariga tarjima qilingan.
Farida Afro‘z 1999 yili “Shuhrat” medali, 2001 yili “O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi” ko‘krak nishoni, 2017 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida Minhojiddin Hojimatov (Minhojiddin Mirzo) Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
LiveBarchasi