Farg‘onadagi dahshatli YTHda 2 ayol halok bo‘ldi
3-sahifa
−
21 noyabr 2023
9740Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida ISUZU rusumli yuk mashinasi svetoforda to‘xtab turgan Damas'ga borib urilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Ismoil Sharipov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 21 noyabr kuni soat 08:20 larda Uchko‘prik tumani “Mehnatobod” MFY hududida 23 yoshli Sh.E. ISUZU yuk mashinasini boshqarib kelayotib, oraliq masofani saqlamasdan svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan 29 yoshli B.M. boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashib ketgan.
YTH oqibatida Damas yo‘lovchisi bo‘lgan 36 yoshli M.D va 35 yoshli G.Q. (ayol)lar tan jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Shuningdek, yana 4 nafar shaxs tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
“Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deydi Ismoil Sharipov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida Nexia-2 haydovchisi yo‘lning qatnov qismida ketayotgan fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgandi. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari bilan kecha, 20 noyabr kuni shifoxonada vafot etgan edi.