Farg‘onadagi bog‘da fashist askarlari tasvirlangan plakat o‘rnatildi
Jamiyat
−
10 may 2021
8240Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onadagi “Vatanparvarlar” bog‘ida o‘rnatilgan plakatda nemis askarlari tasvirlangani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fayzullo Qosimov holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Xotira bor ekan – millat barhayot” so‘zlari ostida Vermaxt soldatlari rasmi tushirilgan ko‘chma plakatning o‘rnatilganiga “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining qo‘pol texnik xatosi va e’tiborsizligi sabab bo‘lgan.
“Hozirda viloyat hokimligi tomonidan ushbu masala yuzasidan o‘rganish boshlandi. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, internetdan ikkinchi jahon urushi davriga oid rasmlarga qidiruv berilib, bilimsizlik tufayli tasodifiy rasm olingani, plakat dizaynida foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Kim plakat maketini tayyorlagan, nega bu rasmni tanlagan, nega tasdiqlanmagan holda o‘rnatilgan, bularning bari batafsil o‘rganib chiqiladi. Aybdorlarga keskin choralar ko‘riladi”, deydi hokim o‘rinbosari.
Qosimovning qayd etishicha, hozirda u ko‘chma plakat “Vatanparvarlar” bog‘idan olib tashlangan o‘rniga Ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchilari tasvirlangan banner o‘rnatiladi.
LiveBarchasi