Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlandi
3-sahifa
−
23 fevral 2444 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida bolalarning ommaviy zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 21 fevral kuni soat 19:00 dan boshlab Farg‘ona shahar hududida joylashgan 2-sonli, 58-sonli va 61-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari tana haroratini ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, holsizlik, ko‘ngil aynishi, ich ketishi belgilari bilan murojaat bilan kelgan.
Aniqlanishicha, bemorlarda qorin sohasida og‘riq, ich ketishi, haroratning ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi kabi sog‘lig‘ida salbiy holatlar kuzatilgan. Shifoxonada davolovchi vrachlar tomonidan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “o‘tkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali” tashxisi bilan diyareya bo‘limiga yotqizilgan.
“Hozirda bo‘limda 62 nafar bemorlar statsionar davolanayotgan bo‘lib, holati yaxshi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bog‘chalarning oshxonalarida va ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar o‘tkazib, bolalar iste’mol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib tekshirmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan 4 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 37 nafar bola ommaviy ravishda ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi