Farg‘onada o‘zini yoqqan ayol o‘limi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, 10 avgust kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining o‘zini yoqib yuborgan bo‘yoqchisi Sanobarxon Xaydarova og‘ir kuyish jarohati tufayli vafot etgan edi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

“Mazkur holat yuzasidan 10 avgust kuni Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, dedi Shamsutdinov.

Ma’lumot uchun, Sanobarxon Xaydarova joriy yilning 2 avgust kuni ertalab soat 08:30 larda zavodning 1-sektoriga kirish yo‘lagida ustidan benzin quyib, o‘zini yoqib yuborgan edi. Oqibatda u kuyish tan jarohatini olgan va zavod tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilib, so‘ngra korxona tez yordam avtomashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib borilgandi.

Zavod vakilining qayd etishicha, tibbiyot muassasasida og‘ir kuyish jarohatini olgan Sanobarxon Xaydarovaga 2-10 avgust kunlari kunu tun tezkor tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. 

Kombustiologiya bo‘limi mudiri, davolovchi vrach D.Oripovning ma’lumotiga ko‘ra, bemor alangadan (suitsid) bosh, yuz, bo‘yin, qorin, ikkala qo‘l yelka, bilak, kaft, barmoq, ikkala kurak, ikkala dumba, ikkala son sohalarining II – III AB darajali 70 foiz termik kuyishi; kuyish karaxtligi og‘ir daraja; yuqori nafas yo‘llarining I – II darajadali termik kuyishi (shundan III B 30 foiz), indeks: franka 140 birlik tashxisi bilan 2 avgust kuni soat 08:50 da RSHTYOIM Farg‘ona filialiga olin kelingan va kuyganlar bo‘limiga yotqizilib, tezkor birinchi yordam ko‘rsatilgan.

Ta’kidlanishicha, Sanobarxon Xaydarovaning umumiy ahvoli o‘ta og‘ir holatda bo‘lgan. Bemor bo‘limda 8 kun mobaynida infuzion terapiya, oqsil o‘rnini bosuvchi suyuqliklar, bir xil guruhdagi qon zardobi (sinama bilan), antibakterial, davo, garmonal terapiya, og‘riq qoldiruvchi, O2 terapiya, mazli asseptik bog‘lam va simptomatik terapiya qilingan.

“Davolash choralariga qaramay, 10 avgust kuni soat 07:00 larda bemorning umumiy ahvoli o‘ta og‘irlashdi, unda arterial qon bosimi va puls aniqlanmadi. Zudlik bilan reanimatsion chora-tadbirlar olib borildi, yurak yopiq usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri massaj qilindi. Yuqorida ko‘rsatilgan yordamlarga qaramasdan bemorda klinik o‘lim yuz berdi. Reanimatsion yordamlar qayta-qayta o‘tkazilgan bo‘lsa-da, soat 07:05 da biologik o‘lim holati qayd etildi”, deyiladi zavod xabarida.

Bemor Sanobarxon Xaydarovaning o‘limiga tananing 70 foiz II – III AB darajali termik kuyishi; kuyish kasalligi toksemiya bosqichi. UBE, UNE va UYUE og‘ir darajasi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Jasad sud-tibbiy ekspertiza tekshiruviga yuborilgan.

Sanobarxon Xaydarova o‘z joniga qasd qilishiga, uning ish joyi o‘zgartirilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shu bilan birga, zavod uning lavozimi o‘z arizasiga ko‘ra, o‘zgartirilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

301

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing