Farg‘onada tanishini ataylab mashinada bosib o‘ldirgan shaxs qamaldi
3-sahifa
−
29 may 8872 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida mashinada qasddan odam bosib ketib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan fuqaro 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, avval ham ikki marta sudlangan fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan Onix avtomashinasida Qo‘qon shahar Amir Temur ko‘chasida joylashgan mahalladoshining savdo do‘koni yoniga kelgan va signal chalgan.
Uning do‘kon egasining biroz vaqt o‘tib chiqqanidan asabiylashgan va ikki fuqaro og‘zaki tortishgan. Do‘kon egasi do‘konga qaytib kirganidan so‘ng jinoyatchi uning ortidan borib, bo‘g‘ishga tushgan. Do‘kondagi yoqalashishdan keyin, do‘konchiga yengil tan jarohati yetkazgan sudlanuvchi 2 dona ichimlik suvini o‘g‘irlab, avtomashinada ketib qolgan.
Shundan so‘ng do‘konchi akalariga qo‘ng‘iroq qilgan va ular manzilga yetib kelgan.
Oradan 30 daqiqa o‘tgach, jinoyatchi qaytib kelib, harakatlarini davom ettirgan. Transport vositasi orqasida turgan do‘konchining akasiga qasddan tan jarohati yetkazish maqsadida katta tezlik bilan orqaga harakatlanib, fuqaroni mashinasida bosib o‘tgan va transport vositasi ostida jabrlanuvchi qolib ketganini bilsa-da, yana mashinani old tomonga harakatlantirib, g‘ildiraklari bilan fuqaroni yana bosib o‘tib ketgan. Shundan keyin u voqea joyidan qochib, yashiringan.
Og‘ir tan jarohatlari olgan jabrlanuvchi oradan 10 kun o‘tib, shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan yuritilgan jinoyat ishi Beshariq tumani sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 1-qismi, 166-moddasi (Talonchilik) 1-qismi, 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan aybli deb topilgan. Shu tariqa unga uzil-kesil 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida BYD rusumli avtomobil maktab o‘quvchisini urib yuborgan va hodisa oqibatida 9 yoshli qizcha vafot etgandi. Ushbu baxtsiz hodisani sodir etgan haydovchi esa 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi