Farg‘onada “saroy jurnalisti” bo‘lsangiz, oshig‘ingiz olchimi? Hokimlik vakili nega jurnalistning qo‘lini qayirdi?
Jamiyat
−
22 aprel 2020
11472Kuni kecha Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi, “Ma’rifat” gazetasi muxbiri Sharifa Madrahimovaning Uchko‘prik tuman hokimligi va IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqidagi posti e’tiborimizni tortdi.
Farg‘onalik jurnalistning yozishicha, Uchko‘prik tumani axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tuman markazidagi bozorda tashkil etilgan yarmarkalar haqida post qoldirgan. Muxbir ushbu masala ortidan holatni o‘rganish uchun yarmarka joyiga borgan. Hokimlik tomonidan berilgan xabarni tekshirish maqsadida jurnalist qiziq va o‘z navbatida achinarli holatga duch keladi.
Jurnalistga “kutilmagan” muomala
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida qayd etilgan “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”, deyilgan huquqimdan foydalanib, videosyomka qilayotgan paytimda bir yigit (keyin bilishimcha, hokimning kotibi Shohijahon Mo‘ydinov) nimaga s’yomka qilyapsiz, deb telefonimga yopishdi va qo‘limni qayirib telefonimni olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo men o‘z mulkimni bermaganim uchun yana bir yigitni chaqirdi. U tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi ekan. Ikkalasi meni shaxsimga aniqlik kiritish uchun ichki ishlar bo‘limiga olib keldi. Xullas, bo‘limda meni ikki soatdan ortiq ushlab o‘tirishdi. Tashqariga chiqib yarmarkani videos’yomka qilmoqchi edim, uni tarqatvorishibdi”, deydi muxbir.
Sharifa Madrahimova ma’lum vaqt IIBda bo‘lganidan so‘ng, uni chiqarib yuborish buyrug‘i tuman hokimidan kutilganini aytmoqda. Hokimni esa Prezident videoselektorida degan vaj bilan muxbir ayolni ushlab turishgan.
“Jabrlanuvchi muxbir” bilan suhbat
QALAMPIR.UZ bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlardan bilganidan so‘ng, uchko‘priklik jurnalist bilan suhbatlashishga qaror qildi. Telefon orqali suhbatimizda Madrahimova voqealar rivojining keyingi tafsilotlari haqida ma’lum qildi.
“Hamma o‘zining haqiqatini ilgari suryapti. IIB o‘zining haqiqati, hokimlik o‘zining haqiqatini aytyapti. Hokim yordamchisi qo‘limdan qayirgani, qattiq tekkani sababli IIB ekspertizadan o‘tishimni aytmoqda. O‘sha hokim yordamchisi “shubhali ayol s’yomka qildi, feysbukda rasmimni chiqaribdi” deb meni ustimdan yozib beribdi. IIB o‘rganib chiqib hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytmoqda. Hozir IIB meni ekspertizaga jo‘natmoqda. Kecha bo‘lgan holat bugun ko‘rinmasligini aytdim.
Bugun tuman hokimi bilan uchrashib tegishli chora ko‘rishini aytdim. Hokim yordamchisi faqat menga bunday xatti-harakatni qilmagan ekan. Odamlardan bu haqida ham eshitdim. O‘sha hokim yordamchisi mendan uzr so‘ragani kelibdi. Men kechirmasligimni aytdim. Hokimga tegishli chora ko‘r, desam negadir uni tarafini olmoqda”, deydi
Obidov jurnalistni tan olmaganmi?
Jurnalistning aytishicha, voqea yuz bergan joyda hokimlik vakillari Muhammadjon Obidov bilan qo‘ng‘iroqlashgan.
“Yonimda gaplashishganida Muhammadjon Obidov “bu ayol qachonlardir ishlagan vaqtda guvohnoma berganmiz, nima qilsanglar qilavering”, deb aytibdi. Lekin men Obidovning gapini aniq eshitmadim.
Men endi boshqa viloyatlarni bilmadim, lekin Farg‘ona viloyati hududida jurnalistlarga juda qiyin. “Yaxshi jurnalist bo‘lib elning dardini yozaman, muammolarga yechim topaman” desangiz, davlat ishiga ham olishmaydi. Davlat idoralarida sizni qabul ham qilishmaydi. Agar men “saroy jurnalisti” bo‘laman, hokimiyat nima desa shuni yozaveraman, desangiz oshig‘ingiz olchi bo‘ladi”, deydi muxbir.
Ayni vaqtda davom etayotgan ekspertiza ishlari o‘z yakuniga yetib, jurnalistga jismoniy tajovuz qilingan yoki qilinmagani bo‘yicha xulosa ham chiqar... Lekin jurnalistga nafaqat kuch bilan, balki har qanday ko‘rinishda qarshilik o‘tkazish mumkin emasligini nahot hokimiyat vakili bilmaydi?! Axir, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida jurnalist kasbiga oid kafolatlar “ko‘rga hassadek” qilib yozib qo‘yilgan-ku:
“10-modda. Jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanadi.
Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlaydi.
Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanadi”.
Ushbu masala yuzasidan ikkinchi taraf sanalmish hokimiyat vakillariga ham QALAMPIR.UZ minbari doim tayyor.
LiveBarchasi