Farg‘onada ruhiy nosog‘lom o‘g‘il onasining barmoqlarini kesib tashladi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida ruhiy nosog‘lom o‘g‘il onasiga va o‘ziga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Bu haqda “Zamon” dasturida xabar berildi.

Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaroning ruhiy salomatligida oxirgi paytlarda o‘zgarishlar kuzatilgan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining ahvoli yomon holatga kelib, ko‘ziga tez-tez bir noma’lum narsalar ko‘rinadigan bo‘lib qolgan. Shundan so‘ng, ona o‘g‘lini bir necha marotaba shifoxonaga olib borib, ma’lum vaqt davolatgan. O‘sha kuni ham uning ko‘ziga bir nimalar ko‘ringan va onasini kaltaklab ketgan. Shuningdek, o‘g‘il qo‘lidagi qaychi bilan onasining qo‘llariga jarohat yetkazadi.

“Hovlida tok qaychi bor edi. Uzumlarni kesardik. Qo‘liga tokqaychi tushib qolibdi, o‘zimni eplay olmadim”,  deydi ona.

Onasiga jarohat yetkazgandan so‘ng, o‘g‘il qo‘lida pichoq bilan ko‘chaga chiqib ketgan. U Toshloq tumanidan Marg‘ilon shahridagi bozorga kelgan. So‘ngra, mato sotiladigan joyda o‘ziga shikast yetkazgan.

“Shu yerda o‘ziga qattiq pichoq urdi. Taxminan 7-8 santimetr qorniga pichoq kirdi”,  deydi bozordagi sotuvchilardan biri.

U o‘zini shikastlagandan keyin, u yerdan ham qochib ketgan. Shifokorlar va organ xodimlari uni Marg‘ilon shahridagi Mustaqillik ko‘chasidan topgan. Uning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli, shoshilinch ravishda operatsiya qilingan.

“Jarrohlar brigadasi tezlik bilan uni operatsiyaga oldik. Chunki qorin sohasida katta tig‘li jarohat bor edi”, deydi shifokor.

Tez tibbiy yordam xodimlari ko‘magi bilan qon to‘xtatib qolingan. Bemorning ruhiy holati hamon o‘zgarmagan. U savollarga javob berishni istamayapti. Psixiatr kelib bir necha marotaba gaplashmoqchi bo‘lgan, lekin bemor hech narsa aytmagan.

“Jinoyat sodir bo‘lgani uchun hozirda chuqur darajadagi depressiya diagnozini qo‘ydim. Umumiy holat yaxshilangandan so‘ng uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizish kerak bo‘ladi”, deydi Marg‘ilon shahar bosh psixiatri.

Yuzi va qo‘llaridan jarohatlangan onaning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli u operatsiya qilingan.

“Ikkala qo‘llari beshinchi va birinchi barmoqlari kesilgan holda olib kelindi. Ahvol yomonligi sababli tezda operatsiyaga olingan. Hozirda onaning ahvoli qoniqarli”, deydi travmatolog.

IIB axborot xizmati xabarlariga ko‘ra, yigitga nisbatan Jinoyat Kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudida meros sabab onasini pichoqlab o‘ldirgan shaxsga hukm o‘qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

barmoq ruhiy nosog'lom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar