Farg‘onada ko‘p qavatli uylar o‘rtasida barcha qurilishlar to‘xtatiladi

Jamiyat

image

Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida barcha qurilishlar to‘xtatiladi, poydevor uchun qazilgan kotlovanlar ko‘miladi, bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov tomonidan Farg‘ona shahridagi “Do‘stlik” hamda “Gulzor” mahallalarida aholi yashash sharoitlarini o‘rgangan. O‘rganish asnosida hududda ko‘p qavatli turar-joylar orasida yashil maydonlardagi daraxtlar kesilgani, bolalar va sport maydonchalari buzilgani va o‘rniga yangi binolar qurilishi boshlangani aniqlangan.

“Hududda yashovchi aholi viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida yangi qurilayotgan binolar mahallada aholi yashashi uchun noqulayliklar tug‘dirayotganini, bolalar uchun ochiq havoda o‘ynashga, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmaganini bildirishdi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Xayrulla Bozorov, birgalikda o‘rganish olib borayotgan shahar hokimi va prokuroriga bugundan e’tiboran Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli turar-joylar o‘rtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni to‘xtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bog‘liq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq bergan.

"Poydevor uchun qazilgan kotlovanlar barchasi ko‘mib tashlanadi, qurilishi yakunlashish bosqichida bo‘lgan inshootlarning har birining qonuniyligi bo‘yicha shahar prokuraturasi o‘rganish olib boradi. Barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi ta’minlanadi. To‘xtatilgan qurilishlar o‘rniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etiladi”, deyilgan xabarda.

Xayrulla Bozorov, o‘rganish jarayonida shuningdek, hududdagi atrof-muhit tozaligiga e’tiborsizlikka, chiqindilarning sochilib yotganiga, turar-joylar atrofida obodonlashtirish ishlarining umuman yo‘lga qo‘yilmaganiga, binolarga birikkan holda vaqtinchalik qo‘shimcha inshootlar qurib tashlanganiga alohida tanqidiy e’tibor qaratgan.

“Farg‘ona turar-joy massivlarida fayz bo‘lishi shart”, degan viloyat hokimi. 

Moturidiy ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi katta ariq ustida insho etilgan ob’ektlar olib tashlanib, suv qirg‘og‘i bo‘ylab velosiped minish hamda sayr qilish uchun ekoyo‘lak tashkil etish belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

qurilish Farg'ona

Baholaganlar

177

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing