Farg‘onada fuqarolar mushukni tiriklayin yoqib yubordi
3-sahifa
−
16 iyun 2023
14874Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar Qaramko‘l qishlog‘ida yashovchi fuqarolar mushukni vahshiylarcha tiriklayin yoqib yubordi. Bu haqda Quvasoy shahar Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, mazkur huquqbuzarlikni shu qishloqda yashovchi M.A. va boshqalar sodir etgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan ma’muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima jazosi qo‘llanilgan.
Kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ’ning “Hayvon o‘ldirganlar qamaladi” nomli maqolasida O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishning oqibatlari haqida ma’lumot berilgan edi.
LiveBarchasi