Farg‘onada chegarani buzgan ikki kishiga o‘q uzildi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi “Vodil” aholi punktida xizmat olib borayotgan chegarachilar spirtli ichimlik ta’sirida ularga faol qarshilik ko‘rsatgan ikki fuqaroni otib qo‘ydi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bugun, 16 oktyabr kuni Farg‘ona tumanidagi “Vodil” aholi punktida xizmat olib borayotgan Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari “Bo‘ston” MFY hududidan harakatlanib kelayotgan mahalliy fuqarolar A.M. va O.Yu. ismli shaxslar boshqaruvidagi mashinani to‘xtatib, belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazgan. 

Tekshiruv davomida mashinaning salon qismida mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib kirilgan tovar-moddiy boyliklari borligi aniqlangan. 

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida A.M. va O.Yu.ga bo‘linmaga borish taklif etilgan. Biroq mazkur shaxslar va ularning voqea sodir bo‘lgan hudud yaqinida yig‘ilgan o‘n nafarga yaqin sheriklari, spirtli ichimlik ta’sirida harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlar va chegarachilarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga nisbatan kuch ishlatishgan. 

Oqibatda harbiy xizmatchilar turli ko‘rinishdagi tan jarohatlarini olgan. Qarshilik ko‘rsatayotgan kuchlar teng kelmaganligi bois, chegarachilar ogohlantiruvchi o‘q uzishiga majbur bo‘lgan. 

“Ogohlantirishdan to‘g‘ri xulosa qilmay, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko‘rsatishda davom etgan fuqarolarning ikki nafari qurol qo‘llanilishi oqibatida voqea joyida vafot etgan. Hozirda holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Farg'ona Bo'ston otib qo'ydi Vodil Qarshilik chegarachilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing