Farg‘ona NQIZda ayol o‘zini yoqqanida atrofdagilar tomoshabin bo‘lganmi? Zavod izoh berdi (foto)

Jamiyat

image

Avvalroq Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlovchi 47 yoshli ayol o‘zining ustiga benzin sepib, yoqib yuborgani haqida xabar bergan edik. Farg‘ona NQIZ Matbuot xizmati zavodda yuz bergan hodisa yuzasidan QALAMPIR.UZ’ga rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 2 avgust kuni soat 7:37 da 32-sonli sexda 2-toifali bo‘yoqchi sifatida faoliyat yuritayotgan Sanobarxon Dehqonovna Haydarova zavodga kirish 1-sektorida korxona hududiga kiritilmagan. Chunki tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan. Qo‘riqchilar o‘z xizmat vazifalariga amal qilgan holda hamkasblarining ichkariga kirishiga ruxsat berishmagan. Bunga javoban Sanobarxon Haydarova qo‘riqchilarga nisbatan g‘azabini agressiv tarzda bildirgan. Zavodga kiraverishdagi qisqa muloqotdan so‘ng, u binoni tark etgan. 

“Zavodda ushbu harakatlarni tasdiqlovchi barcha video materiallar mavjud. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ushbu videomateriallar o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin”, deyiladi FNQZ bayonotida.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, oradan bir soat o‘tib, soat 8:31 da Sanobarxon Haydarova qaytib kelgan va 1-sektorga kiraverishdagi nazorat punkti oldida plastik idishdagi benzinni o‘zining ustidan quygan. U binoga kiraverishda o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgan. 

“Ushbu harakatlarni ko‘rgan FNQZ xavfsizlik xodimlari darhol o‘z-o‘zini yoqishning oldini olishga harakat qilishgan. Biroq xodima olovni yoqishga muvaffaq bo‘lgan, uning kiyimlari yonib ketgan. Qo‘riqchilar o‘t o‘chirgich va kiyimlar yordamida yong‘inni tezda o‘chirishgan. Ammo Sanobarxon Dehqonovna yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilib, allaqachon sezilarli darajada kuyib bo‘lgan”, deyiladi zavodning holat yuzasidan munosabatida.

Shuningdek, soat 8:31 da o‘tkazish punktida navbatchilik qilayotgan FNQZ tibbiyot bo‘limi hamshirasi Barno Obidova shirkatning tibbiy yordam guruhiga qo‘ng‘iroq qilgan. Soat 8:37 da Sanobarxon Haydarova tez tibbiy yordam mashinasida Farg‘ona shahridagi shifoxonaning kuyish bo‘limiga yuborilgan. Mashina qabulxonaga ertalab soat 8:45 da yetib kelgan. Ta’kidlanishicha, hozirda u shifoxonada shifokorlar hamda FNQZdagi hamkasblari nazorati ostida bo‘lib turibdi.

“Tabiiyki, bunday harakatlar muayyan sabablarsiz amalga oshirilmaydi. Bunday vaziyatda biz faqat umumiy faktlarni taqdim etishimiz mumkin, deb hisoblaymiz, chunki zavod xodimlarning shaxsiy hayoti haqidagi tafsilotlarni oshkor qilish huquqiga ega emas.

Voqea guvohlari bilan muloqot qilish natijasida ma’lum bo‘lishicha, Sanobarxon Dehqonovna ishga qabul qilinishidan oldin ham o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan bo‘lib, yuqoridagiga o‘xshash holatlarga bir necha bor tushgan. Ammo tahdidlar ko‘proq og‘zaki tusga ega bo‘lib, jumladan, avvalgi ish beruvchilariga ham qaratilgan”, deyiladi FNQZ bayonotida.

Ma’lumot uchun, Sanobarxon Dehqonovna Haydarova 1975 yil 1 yanvarda Toshloq tumanida tug‘ilgan, oilali, 4 nafar qizi bor, hozirda turmush qurgan, Quva tumanida yashaydi. U “Neftchi” sport majmuasida ishlagandan so‘ng, FNQZ 32-sexi 1-ta’mirlash-qurilish uchastkasining 2-toifali bo‘yoqchisi lavozimiga o‘tkazilgan.

FNQZ Matbuot xizmati vakili Ahmadjon Odilovning QALAMPIR.UZ muxbiriga ma’lum qilishicha, xodima o‘zini yoqib yuborganida atrofdagilar tomoshabin bo‘lib turgani haqidagi xabarlar asossiz. Voqea sodir bo‘lganida yaqin atrofdagi qo‘riqchilar avvalo ayol o‘zini yoqishiga qarshilik ko‘rsatgan, ammo alanga olgach, uni kiyimlari bilan o‘rab, olovni o‘chirgan. Odilov tahririyatga zavodga kiraverishdagi kameralar tasvirga olgan kadrlarni ham taqdim etdi. Unda xodimlar olovni o‘chirishga urinayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Ahmadjon Odilovning so‘zlariga ko‘ra, ayol ishdan bo‘shatilmagan. U boshqa, agarda ishni tezroq bajarsa, ko‘pro daromad olish mumkin bo‘lgan ishga o‘tkazilgan. Uning boshqa ishga o‘tkazilishi o‘z arizasiga ko‘ra amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

591

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing