Fanlar akademiyasi prezidenti vafot etdi
Jamiyat
−
28 avgust
8540O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda taniqli va e’tirof etilgan olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev bugun, 28 avgust kuni 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Behzod Yo‘ldoshev 1945 yil 9 mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1968 yilda Toshkent davlat universitetining yadro fizikasi fakultetini imtiyozli tugatgan, 1971 yilda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna)da nomzodlik, 1981 yilda fizika-matematika fanlari doktori dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘zR FA Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim, Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, Yadro fizikasi instituti direktori (1990-2006 yy., 2017-2020 yy.), O‘zR FA prezidenti (2000-2005 yy., 2017 yildan) lavozimlarida ishlagan. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE, Vena, Avstriya)ning fan bo‘yicha maslahatchisi hamda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna) bosh ilmiy xodimi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Vashington va Stenford universitetlarida (AQSH) hamda Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida (Dubna, Rossiya) taklif etilgan professor sifatida ilmiy tadqiqotlar olib borgan, Toshkent davlat universitetida Yadro fizikasi kafedrasi mudiri bo‘lgan (1995-2000 yy.).
Fermilab (AQSH) va TRIUMF (Vankuver, Kanada) milliy tezlatgichlar laboratoriyasida xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan bajarilgan ikkita ilmiy tajribaga rahbarlik (spokesman) qilgan. Hozirgi paytda Yevropa yadro tadqiqotlari markazining (CERN, Jeneva, Shveysariya) Katta Adron kollayderida (Large Hadron Collider) va Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida olib borilayotgan tadqiqotlarda ishtirok etgan.
Yadroviy xavfsizlikni mustahkamlash va yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.
1990-2006 yillarda va 2017-2020 yillarda O‘zR FA Yadro fizikasi instituti direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Asosiy ilmiy-tashkiliy faoliyati elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi.
400 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 3 ta monografiya va 20 dan ortiq ixtirolar muallifi. Ilmiy rahbarligida 9 nafar fan doktori va 30 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi (2000-y.), O‘zR FA muxbir a’zosi (1994-y.), fizika-matematika fanlari doktori (1981 yil), professor (1987 yil). Beruniy nomidagi O‘zSSR davlat mukofoti laureati (1983-y.), Xalqaro ESO mukofoti laureati (2004-y.). Amerika fiziklari jamiyati a’zosi, Indiana, Vashington (AQSH) va Kembridj universitetlari (Buyuk Britaniya) faxriy doktori (fellow), Islom dunyosi akademiyasi (IAS) akademigi, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (OIYAI, Dubna shahri, Rossiya) faxriy doktori, Xalqaro fanlar akademiyalari assotsiatsiyasi akademigi (MAAN), Rossiya Fanlar akademiyasi va Qozog‘iston Milliy fanlar akademiyasi xorijiy a’zosi, Rossiya Ta’lim va fan vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi a’zosi (1995-2005-yy., 2019-yildan hozirgi vaqtga qadar). O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlament a’zosi - senatori (2001-2005-yy., 2020-yildan hozirgi vaqtga qadar).
“Mehnat shuhrati” hamda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi "Fan arbobi" faxriy unvoniga ega.
LiveBarchasi