Falastinning xalqaro maqomi va uning tan olinishi haqida nimalar ma’lum?

Olam

image

Bugun, 22 sentyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi konferensiyasida Fransiya, Belgiya, Andorra, Lyuksemburg, Malta va San-Marino Falastinni davlat sifatida rasman tan olishi kutilmoqda. Kecha, 21 sentyabr kuni Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniya va Portugaliya shunday qarorga kelgan edi. Ularning bayonotlariga ko‘ra, “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga sodiqlik falastinliklar va isroilliklar uchun tinchlik va xavfsizlikning kaliti hisoblanadi. Hozirgi paytda Falastinni BMTning 193 a’zo davlatidan 151 tasi mustaqil davlat sifatida tan olgan. 

Falastinning bo‘linishi

1947 yilda BMT Bosh Assambleyasi 181-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, 1922 yilda Millatlar Ligasi tomonidan berilgan Falastin ustidan Britaniya mandati tugatilishini belgiladi. Ushbu qarorga muvofiq, Falastin hududida ikkita mustaqil davlat – yahudiy va arab davlati tuzilishi kerak edi. O‘sha paytda aholining qariyb 65 foizini arablar, 30 foizini esa yahudiylar tashkil etar edi. Arablarga hududning qariyb 42 foizi (taxminan 11 ming kv. km), yahudiylarga esa 56 foizi (14 ming kv. km) ajratildi. Hududning 2 foizini tashkil etuvchi Quddusga esa alohida xalqaro maqom berildi.

1948 yilning may oyida Isroil davlati tuzildi. 1949 yilda u dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan tan olindi va BMTga qo‘shilib, tashkilotning 59-a’zosi bo‘ldi. Keyingi Arab-Isroil urushlari oqibatida Isroil o‘z hududini kengaytirib, BMTning 181-sonli rezolyutsiyasida falastinliklarga ajratilgan deyarli barcha yerlarni egallab oldi.

Falastin ozodlik tashkiloti

Falastin uzoq vaqt davomida siyosiy institutlar va umumiy e’tirof etilgan rahbariyatsiz “yashab keldi”. Faqatgina 1964 yilda Falastin ozodlik tashkiloti tuzildi va u falastinliklarning manfaatlarini ifodalovchi asosiy siyosiy tuzilmaga aylandi. 1960 yillarning oxirlariga kelib, FOT milliy harakatning tashkiliy markaziga aylandi. 1974 yilda tashkilot Isroilni tan olish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi dastur qabul qildi. O‘sha yili u arab mamlakatlari tomonidan, keyinchalik esa BMT tomonidan Falastin xalqining yagona qonuniy vakili sifatida tan olindi. FOT BMTda davlat maqomiga ega bo‘lmagan sub’ekt sifatida kuzatuvchi huquqini oldi (BMT kuzatuvchisi, shuningdek, BMTning ixtisoslashgan muassasalariga a’zo bo‘luvchi sub’ektlar tan olingan yoki qisman tan olingan davlatlar ham bo‘lishi mumkin).   

Falastin davlati e’lon qilinishi va tan olinishi

1988 yilning noyabrida falastinliklar Sharqiy Quddusni poytaxt qilib, Falastin davlatining tashkil etilganini e’lon qildi. Bu qaror ramziy xarakterga ega edi, chunki FOT hech qanday hududni nazorat qilmas edi. Shunga qaramay, 80 dan ortiq davlat Falastinni davlat sifatida tan olganini bildirdi (birinchi bo‘lib 1988 yil 15 noyabrda Jazoir). Ular qatoriga barcha Arab davlatlari, 30 dan ortiq Afrika mamlakatlari (Angola, Gana, Gvineya, Zimbabve, Namibiya, Nigeriya, Tanzaniya, Togo, Chad), Osiyo davlatlari (Butan, Hindiston, Indoneziya, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka va boshqalar), sotsialistik mamlakatlar (Bolgariya, Vengriya, Vetnam, Xitoy, Kuba, Polsha, Chexoslovakiya, Yugoslaviya), shuningdek Malta va Kipr kirdi. SSSR 1988 yil 18 noyabrda Falastin davlatini rasman tan oldi. 1992-2000 yillarda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston ham tan oldi. Xususan, 1994 yil 25 sentyabrda O‘zbekiston va Falastin o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Keyinchalik Lotin Amerikasi davlatlari, jumladan Venesuela (2009), Argentina, Boliviya va Braziliya (2010), Chili (2011) ham shu qarorga qo‘shildi.

2011 yilda Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi, biroq BMT Xavfsizlik Kengashida yetarli qo‘llov topa olmadi, chunki AQSH rezolyutsiyaga veto qo‘yishini bildirdi (2024 yil aprelida Xavfsizlik Kengashi bu masalaga qaytdi, ammo AQSH yana uni to‘sib qo‘ydi).

Falastin uchun muhim voqea 2012 yil 29 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 67/191-rezolyutsiyasi qabul qilinishi bo‘ldi. Unga ko‘ra, Falastinga BMT huzurida kuzatuvchi davlat maqomi berildi. Qarorni 138 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, 41 mamlakat betaraf qoldi, 9 mamlakat (jumladan AQSH va Isroil) qarshi chiqdi. Shu vaqtga kelib Falastinda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari shakllandi va Ramallohni vaqtinchalik poytaxt qilgan Falastin Milliy ma’muriyati tuzildi. 2013 yilning yanvaridan boshlab rasmiy hujjatlarda “Falastin davlati” nomi ishlatila boshlandi, Falastin Milliy ma’muriyati rahbari esa Falastin davlati Prezidenti deb ataldi. 2004 yilda Yosir Arofat vafotidan so‘ng hozirda bu lavozimni Mahmud Abbos egallab turibdi.

Bugungi kunda Falastin

2023 yilning oktyabrida Isroil G‘azo sektoriga bostirib kirdi. Bu 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS askarlarining Isroil hududiga qilgan hujumiga javob sifatida amalga oshirildi. Isroil bosqini falastinliklar orasida juda katta talafotlarga sabab bo‘ldi va gumanitar inqirozni yuzaga keltirdi (hozirgi vaqtda 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan). Xalqaro hamjamiyat Isroil bosqinini HAMASning xatti-harakatlariga nisbatan mutanosib bo‘lmagan javob deb qabul qildi. Bu bir qator davlatlarni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga (1967 yilgi BMT Xavfsizlik Kengashining 242-rezolyutsiyasi asosida mojaroni hal etish g‘oyasi) qo‘llov sifatida Falastinni tan olishga undadi.

2024 yilda Barbados, Yamayka, Trinidad va Tobago, Bagama orollari, Ispaniya, Norvegiya, Irlandiya, Sloveniya va Armaniston Falastinni tan oldi. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi tashkilot sifatida bunday qadam qo‘ymadi. Bundan tashqari, Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Yosimasa Xayasi Yaqin Sharq masalasida ikki davlatli yechim zarurligini aytdi, biroq mamlakat hozircha Falastinni tan olmoqchi emasligini ma’lum qildi. Xayasining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi ustuvor vazifa Falastinning Isroil bilan yonma-yon barqaror mavjud bo‘lishini ta’minlash.

Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyi boshida Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Xyon yahudiylarning G‘arbiy Sohildagi noqonuniy aholi punktlari masalasida “chuqur xavotir” bildirdi va G‘azo sektorida darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Diplomatning ta’kidlashicha, G‘arbiy Sohilda aholi punktlari qurilishi ikki davlatli yechimni izdan chiqarmoqda. Biroq Cho Xyon Falastinning tan olinishi haqida hech narsa demadi.

Agar bugun, 22 sentyabr kuni Fransiya, Belgiya, Andorra, Lyuksemburg, Malta va San-Marino Falastinni tan olsa, uni mustaqil davlat sifatida tan olgan mamlakatlar soni 157 taga yetadi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Falastin xalqaro maqom Falastin ozodlik tashkiloti Falastin Milliy ma'muriyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing