Falastin tinchlikka erishmaguncha, Turkiya kurashda davom etadi – Erdo‘g‘an
Olam
−
23 Sentabr 2025 3960 2 daqiqa
Falastin davlati tinchlikka erishib, to‘laqonli mustaqil bo‘lmaguncha, Turkiya kurashishda davom etadi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT doirasida o‘tkazilgan “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida aytib o‘tdi.
Erdo‘g‘an o‘z chiqishida Falastin davlatini tan olgan mamlakatlarni tabriklab, bu qaror ikki davlatli yechimni tezlashtirishini ta’kidlagan. U G‘azoda 65 mingdan ortiq odam halok bo‘lganini, bunday qirg‘in va “genotsid”ni hech kim oqlay olmasligini aytgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati Falastin davlati tuzilishini imkonsizlashtirish va falastinliklarni majburan ko‘chirishni maqsad qilgan.
Erdo‘g‘an Falastin masalasi butun dunyoga tegishli bo‘lib qolgani, turli qit’alarda “Ozod Falastin” chaqiriqlari yangrayotganini qayd etgan.
Uning ta’kidlashicha, G‘arbiy Sohildagi bosqin, Sharqiy Quddusdagi “oldi-qochdi siyosati” va kengayish rejalariga chek qo‘yilmasa, xalqaro tartib va umumiy qadriyatlar haqida gapirishning imkoni bo‘lmaydi. Erdo‘g‘an darhol o‘t ochishni to‘xtatish, insonparvarlik yordamini G‘azoga to‘sqinliksiz kiritish va Isroil qo‘shinlarini olib chiqish zarurligini ham alohida qayd etgan. Shuningdek, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish vaqti kelganini, 1967 yilgi chegaralar asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat barpo etilmaguncha, Turkiya kurashni davom ettirishini ta’kidlagan.
Erdo‘g‘an shuningdek, “Fox News” telekanaliga intervyu berib, G‘azodagi voqealarni “to‘liq bir genotsid” deb atagan va uning asosiy aybdori sifatida Netanyaxu hukumatini ko‘rsatgan. U G‘azoda yuz mingdan ortiq yarador borligini, ko‘plab yaradorlar davolash uchun Turkiyaga olib kelinganini aytgan. Erdo‘g‘an HAMASni “terrorchi emas, balki qarshilik ko‘rsatuvchi harakat” sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT doirasida o‘tkazilgan konferensiyada G‘azodagi harakatlari uchun Isroilni qoralay boshlagan paytda uning mikrofoni o‘chirib qo‘yilgandi.
Live
Barchasi