“FAKE!”. IIV sariq jilet yuzasidan izoh berdi
Jamiyat
−
01 mart 2023 8600 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq endilikda qorong‘ida maktab o‘quvchilari, veloyo‘lakda harakatlanuvchi shaxslar va piyodalar uchun nur qaytargichli jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi ma’lum qilingan edi. Bu xabar mediada e’lon qilinishi bilan jamoatchilik faollarining keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Biroq Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirib, avvalroq e’lon qilingan xabar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 aprel kunidagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” 172-son qaroriga muvofiq, fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning yo‘l-transport hodisalari hamda oqibatlaridan himoyalanganligini ta’minlash maqsadida sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda va yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda, piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanligini keng targ‘ib qilish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, ya’ni ushbu norma tavsiyaviy ahamiyatga ega”, deyiladi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining munosabatida.
Qayd etilishicha, yo‘l harakati qoidalarining 167-bandiga ko‘ra, velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shartligi belgilangan.
“Jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat axborotni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qilinadi munosabatda.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ham mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish berdi. Qayd etilishicha, bu piyodalar uchun majburiy emas, balki tavsiyadir.
“Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar hamda yo‘lni ta’mirlashga mas’ul xodimlar qorong‘ida nur qaytargichli kamzulda bo‘lishi kerakligi belgilangan.
Mazkur talab boshqa shaxslarga, shu jumladan, piyodalar uchun majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega”, degan Adliya vazirligi.
Shuningdek, Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligining piyodalarning ham qorong‘ida nur qaytargichli nimchalarda yurishi kerakligi haqidagi tashabbusini ham qonunchilik bilan oqlashga uringan.
“Qonunchilikda Ichki ishlar vazirligi tomonidan piyodalarning qorong‘ida harakatlanayotganda nur qaytaruvchi ustki kiyimda bo‘lishini targ‘ib qilish yo‘l transport hodisalarining oldini olishda muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etilgan”, deyiladi Adliya bayonotida.
Live
Barchasi