Faqat Tramp Putinni urushni to‘xtatishga majburlay oladi – NATO
Olam
−
28 dekabr 2025 4979 2 daqiqa
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening fikricha, Ukraindagi urushni to‘xtatishga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni faqat AQSH Prezidenti Donald Tramp majbur qila oladi. U bu haqda bugun, 28 dekabr kuni Germaniyaning “Bild” gazetasiga bergan intervyusida aytdi.
Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Tramp “bu urushni yakunlashga to‘liq e’tibor qaratgan”.
“U Ukraindagi urushni tugatmoqchi. Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qila olgan yagona inson ham, oxir-oqibat tinchlikka rozi qilishga qodir yagona shaxs ham – Tramp”, dedi NATO Bosh kotibi.
Shu bilan birga, Ryutte tinchlikka erishish uchun murosalar kerak bo‘lishini ta’kidladi:
“Tinchlik shartnomalarida doimo shunday bo‘ladi”.
Qaysi tomon qanday yon berishlari lozimligini u aniq aytmadi.
Ryuttening aytishicha, Donald Tramp Prezident bo‘lganda AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi, degan xavotirlarga u qo‘shilmaydi. U, shuningdek, Tramp davrida AQSH NATOga sodiq qolishiga ishonch bildirdi va Yevropa davlatlari Rossiya ehtimoliy hujumiga qarshi yakka holda qolib ketmasligini ta’kidladi.
Nega urushni tugatish qiyin ekani haqidagi savolga javob berar ekan, Ryutte shunday dedi:
“Putin 1,1 million o‘z fuqarosini qurbon qilishga tayyor. Shu bilan birga, joriy yilda Rossiya juda kichik hududiy yutuqlarga erishgan”, dedi u.
NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning umumiy hududining 1 foizidan kam qismini egallagan, xolos. Ammo buning uchun 1,1 milliongacha rossiyalik harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan. Ryuttening ma’lum qilishicha, Rossiya armiyasining oylik yo‘qotishlari taxminan 25 ming kishini tashkil qiladi.
NATO Bosh kotibi Ukraina uchun G‘arb xavfsizlik kafolatlarini hal qiluvchi omil deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinni yangi hujumdan tiyib tura oladigan uchta asosiy omil bor:
- Ukraina Qurolli Kuchlari – ular eng yuqori darajada tayyor holda bo‘lishi shart.
- Fransiya va Buyuk Britaniya boshchiligidagi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” – Germaniya va boshqa davlatlar ishtirokida. Bu koalitsiya Ukraina armiyasiga qo‘shimcha ravishda zarur barcha yordamni ko‘rsatadi.
- AQSH – Amerika Prezidenti avgust oyida Ukraina xavfsizlik kafolatlarida ishtirok etish istagini bildirgan.
Ryuttening ta’kidlashicha, bu uch omil birgalikda “Minsk-2” yoki ehtimoliy “Minsk-3”dan mutlaqo farq qiladi:
“Bu – haqiqatan ham kuchli xavfsizlik kafolatlari”, dedi u.
Intervyu davomida Ryutte bir qator Yevropa davlatlari Ukrainaga tinchlikparvar qo‘shin yuborishga tayyor ekanini esladi. Ayni paytda Kiyev ittifoqchilari “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchun aniq konsepsiyani – qo‘shinlarning joylashuvi, quruqlikda, dengizda va havoda qanday harakat qilishi masalalarini muhokama qilayotganini bildirdi.
Live
Barchasi