O‘zbekiston Facebook, TikTok va Telegram kabi kompaniyalarga talabnoma yubordi
Jamiyat
−
12 may 2021
41456Facebook, TikTok, Telegram va boshqa kompaniyalarga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha talabnomalar yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini o‘rganishga bag‘ishlangan nazorat-tahlil tadbirida so‘z bordi.
Mazkur nazorat-tahlil tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi hamda ushbu hujjatning joriy yil 15 aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitilgan.
Qayd etilishicha, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazkur moddalariga ko‘ra endi “Facebook Inc.” (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks taksi, Yandeks karti, Yandeks messenjer, Yandeks dengi) kabi ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishda ushbu ma’lumotlarni jisman yurtimiz hududida joylashgan texnik vositalarda hamda bazalarda yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi hamda shaxsga doir ma’lumotlar bazalari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shartligi belgilangan.
Bu esa ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar O‘zbekiston Respublikasida qonuniy faoliyat yuritishni istasa, o‘z texnik vositalarini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishlari shartiligini yoki belgilangan tartibda ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini anglatadi.
Davlat personallashtirish markazi direktori Ulug‘bek Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda markaz tomonidan bugungi kunga qadar bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, shaxsga doir ma’lumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularni jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ilishi va saqlanishini ta’minlash maqsadida xorijda faoliyat yuritayotgan “Facebook Inc.” (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks taksi, Yandeks karti, Yandeks messenjer, Yandeks.dengi) kompaniyalariga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilgan.
Shuning bilan birga, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi talablarining ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan pd.gov.uz axborot tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda yuqorida nomlari keltirilgan ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli xil kiber hujumlari uyushtirilib kelinmoqda. Buning natijasida millionlab insonlar, qolaversa O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari ham o‘g‘irlanmoqda. Fuqarolarning pasport ma’lumotlariga noqonuniy tarzda ega bo‘layotganlar, ushbu ma’lumotlardan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy manfaatlar yo‘lida foydalanishlari xavfi ortmoqda.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan ushbu tadbir, kuchli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari talablarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha deputatlar Vazirlar Mahkamasi va Davlat personallashtirish markazi oldiga aniq chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqib, qonun ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash talabini qo‘yishdi.
LiveBarchasi