F-35, Ukraina urushi, Venesuela... Tramp Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda nimalar dedi?

Olam

image

Bugun, 7 iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.

Uchrashuvda Tramp Turkiyaning harbiy qudrati va Erdo‘g‘annning yetakchiligini maqtagan hamda Turkiya bilan AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni “maqtovga loyiq”, deb baholagan.

“Muhtaram Prezident bo‘lmaganida bu sammitda ishtirok etmasdim. Katta rahmat aytaman. Hammaga ma’lum va matbuotda ham yozilganidek, biz juda yaxshi do‘stmiz. Muhtaram Prezident juda yaxshi ish qilmoqda. U bizni aeroportda kutib oldi. Mening nomim bilan atalgan bino ham bor ekan, bu ham juda yoqimli. Bu yerga kelayotganda uni ko‘rdik. U ajoyib rahbar, butun dunyo hurmat qiladigan yetakchi. Ilk uchrashuvimizdanoq o‘zaro munosabatimiz juda yaxshi shakllangan, munosabatlarimiz hamisha yaxshi bo‘lgan”, deydi Tramp.

Shuningdek, AQSH Prezidenti Turkiyaning mudofaa sanoati va harbiy salohiyatini yuqori baholagan.

“Muhtaram Prezident rahbarligida Turkiya harbiy jihatdan juda kuchli mamlakatga aylandi. Odamlar Turkiyaning qanchalik kuchli ekanini yaxshi biladi. Uning texnikasi ham, askarlari ham ajoyib. Eng muhimi, Turkiya bilan munosabatlarimiz haqiqatan ham maqtovga loyiq. Biz hamisha yaxshi hamkorlik qilib kelganmiz. Men muhtaram Prezidentga juda katta hurmat bilan qarayman. Bu har ikki davlat manfaatiga xizmat qiladi”, deydi u.

Uchrashuv kun tartibi haqida ham ma’lumot bergan Tramp Erdo‘g‘an bilan savdo, harbiy soha va yana turli masalarni muhokama qilishini bildirgan.

“Bugun savdo haqida, boshqa masalalar haqida ham gaplashamiz. Harbiy sohani muhokama qilamiz, ko‘plab turli mavzularni ko‘rib chiqamiz, ehtimol Eron masalasini ham muhokama qilamiz. Biz Eron armiyasini butunlay harakatsiz holatga keltirdik, ular yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi. Turkiya bilan juda yaxshi savdo qilmoqdamiz. Biz yaxshi ishlar qilyapmiz, ular ham yaxshi ishlar qilyapti va o‘zaro savdo qilmoqdamiz. Faqat shuni aytmoqchimanki, siz bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf va faxr. Juda yaxshi uchrashuvlar, juda yaxshi kechki ovqatlar, juda yaxshi taomlar... Biz yaxshi ishlar qildik, qilyapmiz va bundan keyin ham qilamiz. Rahmat, muhtaram Prezident”, deya ta’kidlagan Qo‘shma Shtatlar rahbari.

Jurnalistlardan biri F-35 qiruvchi samolyotlari sotuvi haqida so‘raganida Tramp Turkiyani ishonchli hamkor deb atagan.

“Bu – biz hali qabul qilishimiz kerak bo‘lgan qaror... Bu (Turkiyaga F-35 yetkazib berish – tahr.), shubhasiz, biz ko‘rib chiqishimiz mumkin bo‘lgan masala... Bu biz albatta ko‘rib chiqadigan narsadir”, deydi.

Qayd etish joiz, Turkiya Rossiyaning S-400 zenit-raketa tizimlarini sotib olganidan keyin, 2019 yilda F-35 dasturidan chiqarib tashlangan edi. Keyinchalik AQSH Ankaraga qarshi CAATSA (“Amerika raqiblariga sanksiyalar orqali qarshi kurashish to‘g‘risida”gi) qonuni doirasida sanksiyalar joriy etdi. So‘nggi oylarda Turkiya rasmiylari cheklovlarni olib tashlash va mamlakatni F-35 dasturiga qaytarishga erishish istagini bir necha bor bayon qildi, biroq yakuniy qaror AQSH va konsorsiumning boshqa ishtirokchilariga bog‘liq.

NATO ittifoqchilariga tanqid

Tramp chiqishida NATOning ayrim ittifoqchilariga ham tanqidiy fikrlar bildirgan. U NATO xarajatlari va ayrim davlatlarning pozitsiyasidan norozi ekanini aytgan.

“Men NATOdan juda ko‘nglim qolganini aytganman. Bu yerdagi do‘stim juda kuchli rahbar, juda kuchli shaxs. Agar muhtaram Prezident bo‘lmaganida, men bu sammitda ishtirok etmasdim. Bu sammitning Turkiyada o‘tayotgani juda katta ahamiyatga ega.

Biz Eronda bir ish qildik. Hech kimning yordamiga muhtoj emas edik, hatto hech kimning aralashishini ham istamadik. Biz shu vaqtgacha NATO uchun trillionlab dollar sarfladik. Nima uchun? Yevropa davlatlarini va boshqalarni, Kanada va boshqalarni himoya qilish uchun. Ilgari bu Sovet Ittifoqi edi, hozir esa Rossiyadan himoya qilish uchun. Men “mayli”, dedim. Lekin ular ham qandaydir tarzda bizni qo‘llab-quvvatlashi kerak edi.

Masalan, Buyuk Britaniya. Ehtimol Bosh vazir keyin bu lavozimda qolmasdi, ammo u urushdan keyin bizga yordam berishni xohladi. Men esa bunday yordamga ehtiyojimiz yo‘qligini aytdim. Biz ular bizning yonimizga keladimi-yo‘qmi, shuni sinab ko‘rdik.

Italiya bizni yarim yo‘lda tashlab ketdi. Germaniya ham shunday qildi. Fransiya ham shunday qildi. Mayli, muammo emas. Lekin unda nima uchun biz yuzlab milliard dollar sarflaymiz, ammo ular bizga yordam bermaydi?” deya ta’kidlagan u.

“Erdo‘g‘ann mamlakatini yanada kuchli qildi”

Tramp uchrashuvda Rossiyaning S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlari haqidagi savolga ham javob bergan.

“Men bu borada hech qanday xavotir ko‘rmayapman. Bu yerda o‘z mamlakatini yanada kuchli qilgan rahbar o‘tiribdi. Atrofga qarang – yo‘llarni ko‘ring, hamma narsa ajoyib. Turkiya bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Men shuni ayta olamanki, Turkiya bilan munosabatlarimiz hozir har qachongidan ham yaxshiroq. Birinchi prezidentlik muddatimda ham yaxshi edi, hozir esa undan ham yaxshi.

Ko‘plab davlat rahbarlari bilan do‘stona uchrashuvlar o‘tkazdik. Ayrimlarini yaxshi taniyman, ayrimlarini unchalik emas. Lekin uzoq vaqtdan beri siyosatdaman. 

Bilasiz, AQSHda Bayden hokimiyatga soxta saylovlar orqali kelgandi. To‘rt yil behuda ketdi, vaziyat o‘zgardi. Keyin esa Amerika prezidenti lavozimiga kirishganimdan keyingi eng yaxshi yilni o‘tkazdik. Iqtisodiyotimizning ahvoli qanchalik yaxshi darajaga chiqqanini ko‘ryapsiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

“Salohiyatimiz juda yuqori”

Tramp iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida ham to‘xtalgan.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari 19,2 trillion AQSH dollarilik xorijiy investitsiya jalb qildi. Bu avvalgi rekordlardan 7–8 baravar ko‘p. Bu nafaqat Amerika rekordi, balki jahon rekordi ham. Masalan, Toyota avval Meksikada ishlab chiqarishni boshlagan edi, hozir esa AQSHga qaytmoqda. Bu avtomobillar va pikaplar haqida gapiryapman. Buni tariflar ta’minladi.

Salohiyatimiz ham juda yuqori. Mendan avvalgi ma’muriyat to‘rt yilda bir trillion dollardan ham kam investitsiya jalb qilgan edi. Men esa ilk 12 oyimning o‘zida 19,2 trillion AQSH dollari investitsiya jalb qildim. 12 oy ichida 19,2 trillion AQSH dollari haqida gapiryapmiz. Dunyoda hech kim bunday natijani ko‘rmagan.

Iqtisodiy jihatdan biz dunyoning eng yaxshi mamlakatimiz. AQSHda bandlik hech qachon bu qadar yuqori bo‘lmagan. Amerika Qo‘shma Shtatlari ko‘plab ajoyib mamlakatlar bilan savdo qiladi. Turkiya ham ana shunday mamlakatlardan biri”, degan AQSH Prezidenti.

Turkiya–AQSH munosabatlari va mudofaa sohasidagi hamkorlik

F-35 samolyotlari haqidagi fikrlarini davom ettirgan Tramp Eron haqida ham eslab o‘tgan.

“Shuni ham qo‘shimcha qilmoqchiman. Turkiya bu samolyotlarni sotib olgan, ular eng yaxshi samolyotlar. Agar siz Amerika Qo‘shma Shtatlaridan samolyot sotib olsangiz va uning dvigateliga qandaydir xizmat ko‘rsatish yoki ta’mirlash kerak bo‘lsa, uni amalga oshirish bizning mas’uliyatimiz hisoblanadi.

Ya’ni dvigatel ishlayaptimi, uni ta’mirlash yoki modernizatsiya qilish kerakmi – agar samolyotni bizdan sotib olgan bo‘lsangiz, albatta bu xizmatlarni ko‘rsatishimiz kerak. Bunday qilmasligimiz mumkin emas. Ko‘pchilik avval bu fikrga qo‘shilmagan edi, ammo vaqt o‘tishi bilan Turkiya biz uchun ajoyib ittifoqchi ekanini tushunib yetdi.

Turkiya Eronni juda yaxshi taniydi. U Eron bilan bog‘liq muammolarni ham yaxshi biladi. Boshqa davlatlar bilan birga Turkiya ham juda katta yordam berdi. Turkiya bu mojaroga jalb qilinishi ham mumkin edi, chunki Isroil bilan munosabatlari tufayli bunday ehtimol bor edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Balki buning sababi mendir.

Boshqa tomondan qaraganda ham ular mojaroga qo‘shilishi mumkin edi. Ammo biz ajoyib mamlakat haqida gapiryapmiz. Men Amerika Prezidenti sifatida ayta olamanki, munosabatlarimiz nuqtai nazaridan Turkiya juda yaxshi ishlar qilmoqda.

Eron bilan bo‘lgan urushni, yoki to‘g‘rirog‘i, harbiy operatsiyani yakunlash, Eronning yadroviy dasturiga chek qo‘yish masalasida ham Turkiya katta rol o‘ynadi. Men muhtaram Prezident ham Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishini istamasligiga ishonaman. 

Biroq biror davlat samolyot yoki boshqa mahsulot sotib olsa, unga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bizda majburiyat bo‘ladi. Agar samolyotni sotgan bo‘lsak, uning texnik xizmati ham ta’minlanadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari bu masalada an’anaviy hamkorlarga qaraganda Turkiyaga ancha yaqin”, deydi Donald Tramp.

Rossiya–Ukraina urushi va mintaqaviy yetakchilik

Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqoti haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Prezident Putin bilan juda yaxshi suhbatlashdim. Putin muhtaram Erdo‘g‘annga ham katta hurmat bilan qaraydi. U bilan gaplashganimdan keyin darhol Prezident Zelenskiy bilan ham suhbatlashdim.

Ikkalasi ham kelishuvga erishishni istaydi. Ular ham bu urushning yana shuncha davom etishini xohlamaydi.

Biror yechim paydo bo‘ladi. Muhtaram Prezident ham bu jarayonda yordam bermoqda. Men “sakkizta urushni tugatamiz”, degan edim va buni ham tugatishga o‘xshayapmiz. Hozircha bunday imkoniyat bor. Albatta, ba’zan urushlar eng kutilmagan paytda boshlanishi ham mumkin.

Putin bilan yaxshi muloqot qildik, Zelenskiy bilan ham yaxshi suhbatlashdik. Bu yaxshi kombinatsiyaga aylanishi kerak. Ikkalasi ham muammoni hal qilishni xohlayapti. Men butun hayotim davomida kelishuvlar tuzganman, muzokaralarga vositachilik qilganman. Bu masalani ham hal qilamiz, deb o‘ylayman.

O‘tgan oyda asosan harbiylardan iborat 35 ming kishi halok bo‘ldi. Undan avvalgi oyda 24 ming, yana oldingi oyda 47 ming, undan avval esa 29 ming kishi o‘lgan. Faqat o‘tgan oyning o‘zida 35 ming yosh inson, asosan harbiylar halok bo‘ldi. Bu aqlga sig‘maydigan holat”, degan Tramp.

“CAATSA sanksiyalarini bekor qilamiz”

Suxbatda Tramp CAATSA sanksiyalari haqidagi savolga ham javob bergan.

“Bu sanksiyalarni bekor qilamiz. Buni aniq ayta olaman. Muhtaram Prezident bu savolga javob berish uchun vaqtini sarflamasin, men o‘zim javob beraman. Biz juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Marko Rubio ham shu yerda, Davlat kotibimiz, Skott Bessent ham shu yerda, Pit ham shu yerda, hamma shu yerda.

Bu embargo va sanksiyalarni bekor qilamiz. Endi vaqti keldi. Biz do‘stlarimizga sanksiya qo‘llashni istamaymiz. Bu juda oddiy. Biz do‘stlarimizga qarshi sanksiyalar joriy etmaymiz”, degan Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.

Suriya va mintaqaviy muvozanat

“Muhtaram Prezident bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Hozir Suriyaning yangi prezidenti bo‘lgan Ahmad ash-Shara bilan ham yaxshi munosabatlarimiz bor. Biz ikki mamlakatni yaqinlashtiryapmiz.

Muhtaram Prezident bilan birgalikda men ham unga qo‘llab-quvvatlash bildirganlardanman. U juda yaxshi ish qilmoqda, mamlakatni birlashtirmoqda. Bu Suriya uchun oson vazifa emas”, deydi Tramp.

Italiya va Jorja Meloni haqida

“Bilmadim, menimcha, u yaxshi inson. Lekin munosabatlarimiz biroz yomonlashdi, chunki u bizga yordam berishdan bosh tortdi.

Eron masalasida ham bizga yordam bermadi. Bu munosabatlarimizga ta’sir qildi. Men uni yaxshi ko‘raman, yaxshi inson. Ammo xato qildi.

Bilasiz, ular neftni juda ko‘p sotib oladi, biz esa olmaymiz. Bizning o‘z neftimiz bor. Amerika Qo‘shma Shtatlarida hammadan ko‘proq neft bor. Endi Venesuela ham bor. Shuning uchun bizga Hormuz bo‘g‘ozi yoki boshqa bo‘g‘ozlar kerak emas. Ularga kerak. Biroq havo kuchlari masalasida bizga yordam bermadi va bu meni xursand qilmadi”, deydi AQSH yetakchisi.

Ukraina urushi va dron texnologiyalari

“Ko‘p narsa o‘zgardi. Bu Amerikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmaydi. Bayden yuzlab milliard dollarlik qurol-yarog‘ni bepul berardi. Men esa bugun ularni adolatli narxda sotyapman. Biz ularni Yevropa Ittifoqiga sotamiz, ular esa haqini to‘laydi. Men esa faqat odamlarning hayotini saqlab qolishni xohlayman. 

25 ming, 35 ming, 30 ming... Bir oyda hatto 41 ming kishi halok bo‘lgan oylar ham bo‘ldi. Bu odamlar Ukrainada ham, Rossiyada ham ota-onasini qoldirib frontga ketadi va bir haftadan keyin halok bo‘ladi. Bu aqlga sig‘maydi. Bu bizga ta’sir qilmaydi, ochiq aytaman. Biz juda uzoqdamiz. Bu Yevropa uchun ancha muhim.

Biz Yevropaga yordam beryapmiz, ammo bu bizga ta’sir qilmaydi. Oramizda okean bor. Biroq frontlarda bo‘layotgan voqealarga qarab turolmayman. Endi bu dronlar urushiga aylandi. Bu yangi texnologiyalar urushi. Biz dronlar bo‘yicha dunyoda eng ilg‘or davlatmiz. Eng mukammal dronlarga egamiz.

Ammo bu urush qanchalik shafqatsiz ekanini hamma ko‘rib turibdi. Rasmlarni ko‘rganimda... Mana shu yerdagi do‘stimiz Pit menga doim suratlar yuboradi, men esa unga: “Pit, men bularni ko‘rishni istamayman”, deyman. Men bunday manzaralarni hech qachon ko‘rmaganman. Bu haqiqiy qirg‘in. Bu tugashi kerak”, deydi AQSH Prezidenti.

Grenlandiya, Daniya va Yevropa kelajagi

“Grenlandiya haqida… Grenlandiya Daniyaga yordam bermayapti, Daniya ham Grenlandiya uchun deyarli mablag‘ sarflamayapti. Biroq u Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun juda muhim hudud. Uning atrofini Xitoy va Rossiya kemalari o‘rab olgan. Go‘yo muhosarada qolgan.

Grenlandiya Daniya emas, Amerika Qo‘shma Shtatlari nazoratida bo‘lishi kerak. Biz Rossiyadan himoya qilish uchun shuncha mablag‘ sarflaganimizga qaramay...

Aslida bunga hojat ham yo‘q. Biz barcha harbiylarimizni Yevropadan olib chiqib ketishimiz mumkin. Chunki Yevropa endi 20 yil avvalgi Yevropa emas. Juda o‘zgarib ketgan. Biz Yevropani Rossiyadan himoya qilishga yordam beryapmiz. Shuningdek, energetika va migratsiya sohalarida ham. Agar ular shu ikki masalaga yetarlicha e’tibor bermasa, yaqin kelajakda Yevropa degan narsaning o‘zi qolmasligi mumkin”, deydi Tramp.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing