Yoz chillasining navbatdagi haftasi jazirama ichida o‘tadi
Bu qiziq
−
10 iyul 2023 5817 2 daqiqa
Ushbu hafta davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havo yuqori barik o‘rkach (balandlikdagi yuqori bosimli qatlam) rivojlanishi va Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi. Bu haqda Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Havo harorati kundan-kunga ko‘tariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning cho‘qqisi haftaning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. 12-13 iyul kunlari kunduzgi havo harorati 40-42 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 43-45 daraja issiqqacha ko‘tariladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11-12 iyul kunlari eng yuqori harorat 43-45 daraja issiq bo‘lishi kutilmoqda.
Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13 iyul kunida O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 14 iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar g‘arbiy oqimlarga o‘zgaradi va havo harorati 33-38 darajagacha, janubda 40 daraja issiqgacha bo‘ladi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.
Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli va asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda.
10-12 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda, 13-14 iyul kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Poytaxt Toshkentda 10-14 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz bo‘ladi, 14 iyulda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun, 10 iyun kuni kunduz kuni harorat 37-39 daraja, 11-13 iyulda harorat asta-sekin ko‘tariladi va 12-13 iyul kunlariga kelib 39-42 darajagacha, 14 iyulda 36-38 daraja issiq bo‘ladi.
Live
Barchasi