Estoniya xavotirda: elita qo‘shinlar Rossiya biqiniga ko‘chiriladi
Olam
−
13:21 631 2 daqiqa
Estoniya elita qo‘shinlarini Rossiya bilan chegaraga yaqinroq joylashtirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy mojaro holatida “faol mudofaa”ga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qildi. Bu haqda estoniyalik mulozimlar va harbiylarga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
“Biz chegaradan boshlashimiz va birinchi janglardanoq g‘alaba qozonishimiz kerak”, deydi Estoniya armiyasining asosiy jangovar bo‘linmasi – Birinchi brigada qo‘mondoni polkovnik Tarmo Kundla.
Uning bo‘linmasi Tapadan Rossiya chegarasidan taxminan 50 km uzoqlikda joylashgan Yixviga ko‘chiriladi. Narvada yana bir baza qurilmoqda. U 200 nafar harbiy xizmatchiga va inqirozli vaziyatda qo‘shimcha 800 kishini joylashtirishga mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, Estoniya harbiy qo‘mondonligi va razvedkasi Moskva yaqin ikki yil ichida NATO bilan to‘liq miqyosli urush boshlash niyatida deb hisoblamaydi. Biroq Financial Times”ning qayd etishicha, Tallinda alyansning ittifoqchini himoya qilishga tayyorligini tekshirishga mo‘ljallangan cheklangan bosqindan, masalan asosan rus tilida so‘zlashuvchi aholi yashaydigan Narvani egallab olishdan xavotirda. Estoniya uchun asosiy noaniqlik Ukrainadagi urush bo‘lib qolmoqda: u davom etar ekan, Rossiya armiyasi band, ammo sulh tuzilgan taqdirda jangovar tajribaga ega o‘n minglab harbiylar Rossiyaning g‘arbiy chegaralariga ko‘chirilishi mumkin.
“Biz urushdan qo‘rqar edik. Endi esa urushning tugashidan qo‘rqyapmiz”, deydi FT nashriga Estoniya razvedkasining yuqori martabali xodimi.
Joriy yilning may oyida Estoniya hukumati Milliy xavfsizlik konsepsiyasiga “faol mudofaa” atamasini kiritgan. U bevosita Rossiya bilan chegaradagi hududni himoya qilish va mudofaa strategiyasini “tubdan” qayta qurishni ko‘zda tutadi. So‘nggi bir yil ichida Estoniya 300 kilometrgacha masofaga ucha oladigan M57 raketalarini o‘z ichiga olgan AQSHning to‘qqizta HIMARS tizimini va shunga o‘xshash masofaga ucha oladigan Janubiy Koreyaning to‘qqizta Chunmoo tizimini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, Estoniyaning harbiy xarajatlari bu yil o‘tgan yilgiga nisbatan 42 foizga oshib, 2,4 milliard yevroni yoki YAIMning 5,4 foizini tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya Rossiya bilan chegaradosh Finlyandiyaga Gripen qiruvchi samolyotlari va harbiy kemalarini yuborishi haqida xabar berilgan edi. Mamlakat harbiylari kamida 2026 yil oxirigacha Finlyandiya hududini himoya qilishda ishtirok etadi.
Live
Barchasi