Eski va yangi konstitutsiyaga solinayotgan kishan
Tahlil
−
20 iyul 2022
23563“Trias politica” yoki “hokimiyatlarning bo‘linishi” atamasini XVIII asrda yashab o‘tgan fransuz ijtimoiy va siyosiy faylasufi Sharl Lui de Monteskyo kiritgan. Uning “Spirit of the Laws” (Qonunlar ruhi) nomli risolasi siyosiy nazariya va huquqshunoslik tarixidagi buyuk asarlardan biri hisoblanadi. Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasi va AQSH Konstitutsiyasi aynan ushbu risoladan ilhomlanib yaratilgan. Uning modeliga ko‘ra, davlatning siyosiy hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linadi. Muallifning ta’kidlashicha, erkinlikni eng samarali targ‘ib qilish uchun bu uch kuch alohida bo‘lishi va mustaqil harakat qilishi kerak.
“Trias politica” dunyoning aksariyat demokratik davlatlari va respublikalari tomonidan qabul qilingan. O‘zbekiston ham (ayrim kamchiliklari bilan bo‘lsa-da) ana shu tushuncha bilan boshqarilayotgan davlatlardan biridir. Xo‘sh, bu qanday kamchilik?
Hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipiga ko‘ra, davlatning ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud funksiyalari bir qo‘lda bo‘lmasligi kerak. Ya’ni ushbu prinsip yakkahokimlikni butkul rad etadi. Agar ushbu tamoyilga to‘liq amal qilinsa, qonun chiqaruvchi organdan boshqa hech kim va hech qaysi tashkilotga yangi qonunlarni qabul qilish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat berilmaydi. Ushbu cheklash Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasida o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, aksariyat Yevropa davlatlari ijro etuvchi hokimiyatga ham qonunchilik tashabbusi huquqini beradi. Sud hokimiyati esa AQSHda ham, Yevrpopa ham eng boshidanoq qonun ijodkorligi jarayonidan umuman chetlashtiriladi.
Garchi qonunchilik tashabbusi huquqining umumiy konsepsiyasi ko‘pchilik Yevropa mamlakatlarida o‘xshash bo‘lsa-da, ba’zi muhim qoidalarda farqlanishi mumkin.
Yevropa mamlakatlarida, qoida tariqasida, hukumat parlamentga qonun loyihalarini kiritish huquqiga ega. Alohida hollarda, masalan, Polshada byudjet va boshqa moliyaviy muhim qonunlar bo‘yicha Hukumat hatto qonunchilik tashabbusi uchun mutlaq huquqqa ega bo‘lishi mumkin. Fransiya Konstitutsiyasi bu vakolatni bevosita Bosh vazirga beradi. Norvegiya bosh qomusida esa qonun loyihasi hukumat tomonidan Davlat Kengashi a’zosi orqali taklif qilinishi aytiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat Yevropa mamlakatlarida qonun loyihalari vazirliklarda ishlab chiqiladi, chunki ularni tayyorlash uchun ishchi kuchi, imkoniyatlar va tajriba mavjud.
Ko‘pgina mamlakatlarda Prezident parlamentga qonun loyihalarini kiritish huquqiga ega. Ba’zi mamlakatlarda bu huquq umumiy tarzda qo‘llanilsa, boshqa bir mamlakatlarda u muayyan holatlar bilan cheklanadi. Misol uchun, Estoniyada Prezident faqat Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish uchun qonun tashabbusi bilan chiqish huquqiga ega. Gruziyada prezidentning huquqi “eksklyuziv holatlar” bilan cheklangan, bu degani cheklovlar ayrim masalalargagina dahldor. Lekin Prezident tomonidan taqdim etilgan qonun loyihalari parlamentda ustuvorlik bilan muhokama qilinishi kerak.
Istisno va tor sharoitlarda sudlar parlamentga qonun loyihalarini kiritish huquqiga ham ega bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, postsovet mamlakatlarida qo‘llaniladi. Rossiya Konstitutsiyasida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi, Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi va Rossiya Federatsiyasi Oliy Arbitraj sudi o‘z vakolatlari doirasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi aniq ko‘rsatilgan.
Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjatlar sudlar sud-huquq sohasiga oid amaldagi qonun hujjatlaridagi kamchiliklar yoki nomutanosibliklarni aniqlashga, o‘zlari ixtisoslashgan sohaga oid yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni taklif qilishga, ayniqsa, moyil ekanligini ko‘rsatadi.
Sudlarga qonunchilik tashabbusining alohida huquqi berilmagan holda, konstitutsiyaviy sudlarning qonunlarni konstitutsiyaga zid deb topuvchi qarorlari qonunchilik tashabbusining “bilvosita” shakli sifatida qaralishi mumkin. Masalan Germaniya Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchiga ma’lum vaqt ichida konstitutsiyaga zid bo‘lgan qonunlarni almashtirish haqida ogohlantirish berishi mumkin.
Tan olish o‘rinliki, so‘nggi olti yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qator islohotlar amalga oshirilyapti. Biroq, amaldagi Hukumat tomonidan tadbiq qilinayotgan islohotlarning ko‘plari aynan ijro etuvchi hokimiyat yoki sudlarga kelganda to‘siqlar va nomutanosibliklarga yo‘liqyapti. Asosiy qonunda ayrim masalalar umuman aks etmagani, hokimlarning qarori Vazirlar Mahkamasi qarori ustidan oshib o‘tayotgani va qator qonun va qonunosti hujjatlarning bir-birini rad etish holatlari haqida bot-bot gapirilyapti, yozilyapti, bong urilyapti. Yetmaganiga hamon Qonun chiqaruvchi organ – parlamentda ijro organi vakilllari – hokimlarning bosh-qosh bo‘lib o‘tirgani ham mantiqsizlikning bir ko‘rinishi.
Ma’lumki, ayni vaqtda O‘zbekiston yirik qonuniy islohot, yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsa, mamlakat qonunchiligi poydevorini qaytadan qurish arafasida turibdi. Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflar orasida hokimlarning Xalq deputatlari kengashlari raisi bo‘lish vakolati olib tashlanmoqda. Biroq, mantiqsizlik bu bilan tugayotgani yo‘q.
Jarayondan ma’lumki, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar maxsus konstitutsion qonunni umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi bilan kiritiladi.
Endi yana yuqorida so‘z ochganimiz mavzuga qaytsak.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ham ko‘rsatilgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir. Shu qonunning 4-moddasida esa “Sudning asosiy vazifalari fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlari, xalqaro shartnomalarida, shuningdek inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda kafolatlangan huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir”, deb yozilgan.
Qonunning 6-moddasiga e’tibor qarating. U biz yuqorida keltirgan Monteskyo nazariyasini rad etadi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladigan qonunchilik tashabbusi huquqiga ega”.
Bundan anglashiladiki, Oliy sud, sud tizimining eng yuqori sudlov instansiyasi sifatida oliy sudlov funksiyasini bajarib kelgan bir vaqtda, qonunchilik tashabbusi huquqiga egalik qilmoqda va bunday holat mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Misol uchun, futbol o‘yinini boshqarayotgan referi futbol qoidalarga rioya qiladi, lekin qoidalarni o‘zi ishlab chiqmaydi. Futbol qoidalarini xalqaro futbol tashkiloti/FIFA ishlab chiqadi va o‘zgartirishlar kiritadi.
Hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipiga ko‘ra, Oliy suddan qonunchilik tashabbusi huquqini olib tashlanishi zamonaviy va Yangi O‘zbekiston uchun navbatdagi muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz. Zera erkinlikni eng samarali targ‘ib qilish uchun davlatning siyosiy hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari alohida bo‘lishi va mustaqil harakat qilishi kerak.
O‘zgarishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning kelgusi 100 yilliklarda qanday yo‘ldan borishini o‘zida aks ettiribgina qolmay, Konstitutsiyada xalq fikrining inobatga olinishi bilan tarixda qoladi va Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, har bir fuqaro ushbu hujjatni “Mening Konstitutsiyam” deyishiga asos yaratiladi, qachonki, Sharl Lui de Monteskyo nazariyasi amalda o‘z isbotini topsa...
LiveBarchasi