Eshak “iste’mol go‘shti olinadigan hayvonlar” qatoriga qo‘shildi
Jamiyat
−
17 Sentabr
140722O‘zbekistonda iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 17 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Mazkur qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, hayvonlarning hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bog‘liq va ularning sog‘ligi to‘g‘risidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanadi. Shu sababdan iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qo‘y va echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.
“Qonun loyihasining qabul qilinishi ichki va tashqi bozor uchun hayvonlardan olinadigan mahsulot prognozi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bazasini shakllantirish, iste’mol uchun chiqariladigan barcha mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishga, hayvon egalarining hayvonga egalik qilish, foydalanish, tasarruf qilish huquqlarini yanada kafolatlashga imkoniyat yaratadi”, deyiladi Qonunchilik palatasi bayonotida.
LiveBarchasi