Ertaga Qatar Amiri O‘zbekistonga keladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6 iyun kunlari davlat tashrifi bilan respublikada bo‘ladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmon tashrifining asosiy tadbirlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bunda, eng avvalo, faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini ham muhokama qiladi.

Uchrashuv yakunida salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

“Ta’kidlash joizki, Qatar Amirining yurtimizga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yildan ziyod tarixida birinchisi bo‘ladi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing