Ertaga Erdo‘g‘an o‘zi “musht tushirgan” Bosh vazir bilan uchrashadi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Pragada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashadi va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan to‘rt tomonlama formatda muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda u bugun, 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Hukumat soatidagi nutqida ma’lum qilgan. 

“Pragada to‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tadi, unda Fransiya va Ozarbayjon Prezidentlari Emmanuel Makron va Ilhom Aliyev, shuningdek, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirok etadi. Shuningdek, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashuv rejalashtirilgan”, deydi Pashinyan. 

Kecha, 4 oktyabr kuni Turkiyaning “Sabah” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Erdo‘g‘an Pashinyan bilan 6 oktyabr kuni Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida uchrashishi haqida xabar berdi. Gazetaning qayd etishicha, muzokaralarda Turkiya va Armaniston munosabatlarini normallashtirish masalasi muhokama qilinadi. Xususan, Erdo‘g‘an Pashinyanga ikki tomonlama munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha maxsus vakillar uchrashuvlarini uchinchi davlatlar hududida emas, navbatma-navbat Turkiya va Armanistonda o‘tkazishni taklif qilishi kutilmoqda.  

Bundan tashqari, Turkiya rahbari mintaqadagi keskinlikni pasaytirish va Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida imkon qadar tezroq tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha takliflar kiritadi. 

Umumiy chegaraga qaramay, Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas. 2009 yilda Syurixda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari ularni ta’sis etish to‘g‘risidagi protokollarni imzolagan, biroq bu hujjatlar tomonlar tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. 2018 yil 1 mart kuni Armaniston protokollar bekor qilinganini e’lon qildi. 

2021 yilda ikki davlat o‘zaro munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha maxsus vakillarni tayinladi. Turkiya va Armaniston vakillari qator muzokaralar olib bordi. 1 iyul kuni Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda uchinchi davlat fuqarolarining Armaniston-Turkiya quruqlik chegarasini tezroq kesib o‘tish imkoniyatini ta’minlash va Armaniston va Turkiya o‘rtasida yuklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo orqali tashishni yo‘lga qo‘yishga qaror qilindi.

Shuni alohida urg‘ulash kerakki, 2020 yilning sentyabr oyida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Qorabog‘ uchun boshlangan urushda Turkiya to‘liq Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlab, yuqori darajada harbiy ko‘mak bergan edik. Shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an bir necha bor Armanistonning 30 yillik ishg‘ol davrida Qorabog‘ni vayron qilganini tilga olgan va Pashinyan hukumatini tanqid qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon Armaniston

Baholaganlar

346

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing