Eronning “dong‘i ketgan” qamoqxonasida yong‘in yuz berdi
Olam
−
16 Oktabr 2022
7903Eronning mashhur Evin qamoqxonasida katta yong‘in sodir bo‘ldi va buning oqibatida 8 kishi jabrlandi. Bu joy ko‘plab siyosiy mahbuslar, jurnalistlar va xorij fuqarolari saqlanishi bilan taniqli. Internetda tarqalgan videolarda Tehrondagi xibsxonada alanga va tutun aks etgan, otishma va portlash ovozlari eshitilmoqda, deb yozmoqda BBC.
Manbalarga ko‘ra, qamoqxonadagi vaziyat so‘nggi namoyishlar bilan bog‘liqligi hozircha noma’lum.
Davlat ommaviy axborot vositalari yong‘inda “jinoyat unsurlari”ni hisobga olgan holda, ikkala voqealarning bir-biriga bog‘liq emasligini taxmin qilmoqda.
Qamoqxonadan turib gapirgan Tehron gubernatori davlat televideniyesiga xibsxonaning mayda jinoyatchilar yashaydigan qanotida to‘polon bo‘lganini va hozirda vaziyat butunlay tinch ekanini aytdi.
Yong‘in va tutunning dramatik lavhalari birinchi marta kecha, 15 oktyabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Bir nechta videolarda o‘q ovozlari va portlashlarni eshitish mumkin, boshqalarida esa qamoqxona tashqarisida odamlar hukumatga qarshi norozilik harakatining asosiy shiorlaridan biri bo‘lgan “diktatorga o‘lim” deb hayqirganlari eshitiladi.
Qamoqxona tashqarisida katta olomon to‘plangan, transport harakati to‘xtab qolgan va tartibsizlikni bostirish uchun politsiyasi inshootga kirgan.
Qamoqxona uzoq vaqtdan beri G‘arb huquq tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan. Human Rights Watch tashkiloti qamoqxona ma’murlarini qiynoqlar va muddatsiz qamoq jazosi bilan tahdid qilishda, shuningdek, uzoq davom etgan so‘roqlarda va mahbuslarga tibbiy yordam ko‘rsatilmaganlikda ayblab keladi.
O‘zlarini “Edalat-e Ali” (Alining adolati) deb atagan bir guruh xakerlar o‘tgan yilning avgust oyida Evin qamoqxonasida qo‘riqchilarning mahbuslarni kaltaklagani va qo‘pol muomala qilgani aks etgan videolarni e’lon qilgan edi.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi voqealarni tezkorlikda kuzatib borayotganini aytdi, Buyuk Britaniya hukumati xavfsizlik vaziri esa qamoqxonadagi bu holatni "juda xavotirli voqea" deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Musulmon Ziyo
LiveBarchasi