Eronliklarga tez orada chetdan yordam keladi – Rizo Pahlaviy (video)

Olam

image

Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, muxolif Rizo Pahlaviy mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari yangi bosqichga o‘tayotganini aytib, eronliklarga ularning yolg‘iz emasligini va yaqin vaqt ichida chetdan yordam kelishini ma’lum qildi. Bu haqda u X platformasida e’lon qilingan videomurojaatida aytib o‘tgan.

Qayd etilishicha, Pahlaviy 11 yanvar kuni eronlik namoyishchilarga rejimning yolg‘on propagandasi va aloqa uzilishlari uchun mas’ul bo‘lgan barcha muassasa va apparatlarni qonuniy nishon sifatida ko‘rishga chaqirgan. Hozirgi rejimga qarshi asosiy muxolif shaxslardan biri bo‘lgan va surgunda yashayotgan Pahlaviy xavfsizlik xodimlariga ham tezroq o‘z tomonini tanlashi kerakligini aytgan. 

“Men Islom Respublikasini ag‘darish va aziz Eronimizni qaytarib olish uchun milliy qo‘zg‘olonning yangi bosqichini e’lon qilaman. Eron ichida, shaharlarning markaziy ko‘chalarini egallab, ularni nazoratda ushlab turishdan tashqari, rejimning yolg‘on targ‘iboti va aloqa vositalarini uzib qo‘yish uchun mas’ul bo‘lgan barcha muassasa va idoralar qonuniy nishonlar hisoblanadi. Davlat muassasalari xodimlari hamda qurolli va xavfsizlik kuchlari a’zolari oldida imkoniyat bor: xalq tomoniga o‘tib, millat bilan bir safda turish yoki xalqqa qarshi qotillar bilan hamkorlikni tanlab, o‘zlariga millatning abadiy uyati va la’natini sotib olish”, degan u. 

Shuningdek, Pahlaviy xorijdagi eronliklarga ham murojaat qilib, ularni Eron elchixonalarini ham qaytarib olishga chaqirgan va Islom inqilobidan oldingi milliy bayroqni – unda Islom Respublikasi ramzi o‘rniga sher tasviri bo‘lgan va markaziy chiziqda arab tilidagi “Allohu akbar” yozuvi bo‘lmagan bayroqni ko‘tarishni talab qilgan. Bundan tashqari, Pahlaviy xalqaro yordam ham yaqinlashayotganini aytgan.

Barcha Eron elchixonalari va konsulliklari Eron xalqiga tegishlidir. Endi ularni Islom Respublikasining sharmandali bayrog‘i o‘rniga mamlakat milliy bayrog‘i bilan bezash vaqti keldi. Biz yolg‘iz emasmiz. Dunyo bo‘ylab yordam ham tez orada yetib keladi. Keyingi xabarlarimni kuting”, degan Eron so‘nggi shohining o‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakatdagi barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgan ommaviy xalq norozilik namoyishlari fonida Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatning kuch tuzilmalari jangovar shaylik darajasini maksimal holatga ko‘targan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyishlar Rizo Pahlaviy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing