Eronga hujumdan G‘azo sulhigacha. Tramp va Netanyaxu nimalarni gaplashdi?
Olam
−
30 dekabr 2025 1845 5 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 29 dekabr kuni Eron agar ballistik raketa yoki yadroviy qurol dasturlarini qayta tiklashga urinib ko‘rsa, Amerika qo‘shimcha yirik zarbani qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u HAMAS harakati qurolsizlanishdan bosh tortsa, og‘ir oqibatlar kutilishini bildirdi.
Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qilgan Tramp, iyun oyidagi keng ko‘lamli AQSH zarbasidan keyin Tehron o‘z qurol dasturlarini qayta tiklayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
“Men ular qurollar va boshqa narsalarni qayta quryapti degan xabarlarni o‘qidim. Agar shunday bo‘lsa, ular biz yo‘q qilib tashlagan ob’ektlardan emas, ehtimol, boshqa joylardan foydalanyapti.
Biz ular qayerga borayotganini, nima qilayotganini aniq bilamiz va umid qilamanki, ular bunday ish qilmayapti. Chunki biz B-2 samolyotini yana uchirishni istamaymiz. Bu borib-qaytishga 37 soatlik parvoz. Yoqilg‘ini behuda sarflashni xohlamayman”, dedi Tramp matbuot anjumanida.
Oxirgi oylarda Tehron bilan ehtimoliy yadroviy kelishuv masalasini ham ko‘targan Trampning aytishicha, Netanyaxu bilan muzokaralar asosan uning vositachiligida tuzilgan, hali ham zaif bo‘lgan G‘azodagi tinchlik kelishuvini ilgari surish, shuningdek, Isroilning Eron va Livandagi “Hizbulloh”ga oid xavotirlarini muhokama qilishga qaratilgan.
Iyun oyida Isroil bilan 12 kunlik urush olib borgan Eron o‘tgan hafta oy davomida ikkinchi bor raketa mashqlari o‘tkazganini ma’lum qildi.
Netanyaxu o‘tgan hafta Isroil Eron bilan to‘qnashuv izlamayotganini aytgan, ammo tarqalayotgan xabarlardan xabardor ekanini va Tehron faoliyatini Tramp bilan muhokama qilishini bildirgan edi.
G‘azoda ikkinchi bosqich boshlanadimi?
Trampning aytishicha, u oktyabrda Isroil va HAMAS o‘rtasida tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ikkinchi bosqichiga o‘tishni istaydi. Bu bosqich G‘azo sektoriga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni nazarda tutadi.
Isroil va HAMAS bir-birini kelishuvni jiddiy buzishda ayblamoqda va keyingi, ancha murakkab bosqich bo‘yicha kelishuvga yaqinlashmagan. Qurolsizlanishdan bosh tortgan HAMAS Isroil qo‘shinlari hududning taxminan yarmida qolib turgan bir paytda o‘z nazoratini qayta mustahkamlamoqda.
Isroil agar HAMAS tinch yo‘l bilan qurollarni tashlamasa, uni majburlash uchun harbiy harakatlarni qayta boshlashini ma’lum qilgan.
29 dekabrdagi bayonotlarida Tramp qurolsizlanishni kechiktirayotgani uchun aybni HAMAS zimmasiga yuklab, Isroil kelishuvdagi majburiyatlarini bajarganini aytdi va harakatni jiddiy oqibatlar kutirishi haqida ogohlantirdi.
“Jahannam bo‘ladi”, dedi Tramp HAMAS qurol tashlamasa, qanday chora ko‘rilishi haqidagi savolga javoban. U bunday iboralarni avval ham ishlatgan.
Netanyaxu bu oyda Tramp uni muzokaralarga taklif qilganini aytgan edi. Ayni paytda AQSH Isroilning ehtiyotkorligiga qaramay, G‘azo uchun o‘tish davri boshqaruvini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish BMT Xavfsizlik Kengashining 17 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiyasida nazarda tutilgan.
AQSH o‘zining uzoq yillik ittifoqchisi Isroil ishtirokida uchta o‘t ochishni to‘xtatishga vositachilik qildi — Isroil–HAMAS, Isroil–Eron va Isroil–Livan o‘rtasida. Biroq Netanyaxu Isroil raqiblari bir nechta urushlardan keyin kuchini qayta tiklashidan xavotirda.
Umuman olganda, Trampning bayonotlari u Netanyaxu tomonida qat’iy qolganini ko‘rsatdi, garchi ba’zi maslahatchilari shaxsiy tarzda Isroil rahbarining G‘azo kelishuviga sodiqligiga shubha bildirgan bo‘lsa ham. Shu bilan birga, Tramp Isroilning bu ikki mojarosini hal qilgani bilan faxrlana turib, G‘azo va Eron bilan bog‘liq yangi keskinlik xavfiga ham tayyor ekanini anglatdi.
Uchrashuv oldidan Tramp Netanyaxuni iliq kutib olib, hatto Isroil Prezidenti Isxak Gersog unga Netanyaxuni korrupsiya ayblovlaridan afv etishni rejalashtirayotganini aytganini bildirdi. Gersog idorasi esa bunday suhbat bo‘lganini darhol rad etdi.
Netanyaxu esa javoban, uchrashuvdan keyin jurnalistlarga Isroilning eng oliy mukofoti – Isroil mukofotini Trampga taqdim etishini aytdi. Unga ko‘ra, bu mukofot odatda faqat Isroil fuqarolariga beriladi.
G‘azo kelishuvining keyingi qadamlari
Trampning G‘azodagi urushni tugatish rejasiga ko‘ra, Isroil Falastin hududidan chiqib ketishi, HAMAS esa qurollaridan voz kechib, boshqaruvdan chetlashishi kerak.
Kelishuvning birinchi bosqichi Isroil qo‘shinlarining qisman chiqishi, gumanitar yordam oshirilishi hamda garovdagilarni falastinlik mahbuslar bilan almashishni o‘z ichiga olgan.
Netanyaxu atrofidagi manbalarga ko‘ra, Bosh vazir ikkinchi bosqichga o‘tishdan oldin HAMAS G‘azoda qolgan so‘nggi isroillik garov – marhum Ran Gvilining jasadini qaytarishini talab qiladi. Gvili oila a’zolari delegatsiya tarkibida uchrashuvga kelgan.
Isroil haligacha G‘azo va Misr o‘rtasidagi Rafah o‘tkazish punktini ochmagan. Bu ham Tramp rejasining shartlaridan biri bo‘lib, Isroil uni faqat Gvili jasadi qaytarilgandan so‘ng ochishini aytmoqda.
Trampning aytishicha, u va Netanyaxu Isroil ishg‘ol qilib turgan G‘arbiy sohil masalasida to‘liq bir fikrda emas, ammo u kelishmovchilik nimada ekanini aniq aytmadi.
Turkiya va Suriya ham muhokama qilindi
Uchrashuvdan oldin Tramp jurnalistlarga G‘azoga turk tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish ehtimolini Netanyaxu bilan muhokama qilishini aytgan. Bu masala bahsli: Tramp Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdo‘g‘anni tez-tez maqtasa-da, Isroil bilan Turkiya munosabatlari ancha ehtiyotkor.
G‘azoda urush pasaygan bo‘lsa-da, butunlay to‘xtagani yo‘q. Rasman oktyabrda o‘t ochishni to‘xtatish boshlanganiga qaramay, Isroil zarbalari oqibatida 400 dan ortiq falastinlik – asosan tinch aholi vakillari – halok bo‘lganini G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari xabar qilmoqda. Shuningdek, HAMAS uch nafar isroillik askarni o‘ldirgan.
Netanyaxu 29 dekabr kuni Isroil Suriya bilan tinch chegarani ta’minlashdan manfaatdor ekanini aytdi. Tramp esa Isroil yangi prezident Ahmad ash-Shara bilan til topisha olishiga ishonch bildirdi. Ash-Shara o‘tgan yili uzoq yillik rahbar Bashar Asad ag‘darilgandan so‘ng hokimiyatga kelgan.
Shu bilan birga, Isroil yangi rahbarga nisbatan shubhalari borligini yashirmagan: u ilgari “Al-Qoida” a’zosi bo‘lgan va bu yil iyul oyida Isroil Damashqdagi hukumat binolariga zarba bergan edi.