Eronga hujum: Qozog‘iston kuch tuzilmalari tun-u kun ish rejimiga o‘tdi
Olam
−
28 fevral 9611 3 daqiqa
Eron atrofidagi vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Qozog‘istonning barcha kuch tuzilmalari tun-u kun ish rejimiga o‘tkazildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Oybek Smadiyarov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi kotibi Gizat Nurdavlatovga kuch tuzilmalari va tegishli vazirliklar rahbarlari bilan birgalikda Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi va Qozog‘istondagi barqaror vaziyatga tahdid belgilari paydo bo‘lishi ehtimolini hisobga olgan holda, favqulodda choralar ko‘rish bo‘yicha ishlab chiqilgan rejani taqdim etishni topshirgan.
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, barcha kuch tuzilmalari allaqachon tun-u kun ish rejimiga o‘tkazilgan. Hukumatda Tashqi ishlar vazirligi kuratorligida maxsus monitoring guruhi ish boshlagan. Viloyat hokimlariga Yaqin Sharqdagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda choralar ko‘rish topshirilgan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.