Erondagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Jamiyat
−
28 fevral 2608 3 daqiqa
Eron Islom Republikasidagi vaziyatning keskinlashishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Tehron shahridagi elchixonasi ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Elchixona fuqarolarni xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilishga, Eron hukumati hamda O‘zbekiston elchixonasining rasmiy axborotlarini muntazam kuzatib borishga chaqirdi.
Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va elchixonaning aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zlari bilan olib yurish tavsiya etilgan. Ma’lum qilinishicha, shoshilinch holatlarda fuqarolar O‘zbekistonning Tehron shahridagi elchixonasiga quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishi mumkin:
Favqulodda yordam telefonlari:
- +98 21 2229 9780
- +98 912 283 2071
Elektron pochta:
- iri.uzembassy@mfa.uz
Elchixona vaziyat yuzasidan rasmiy axborotlarni kuzatib borish muhimligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik sababli Isroildagi O‘zbekiston fuqarolaridan Frontorti buyrug‘iga qat’iy amal qilish so‘ralgandi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi