Erondagi urush sabab oltin narxi keskin ko‘tarildi

Bu qiziq

image

AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng birjada oltin narxi keskin oshdi. Bugun, 2 mart kungi savdolarda Chikago tovar birjasida (CME) aprel oyidagi oltin fyucherslari narxi 2,88 foizga ko‘tarilib, bir unsiya uchun 5399 dollarni tashkil etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, avvallari ehtimoli past deb hisoblangan Yaqin Sharqdagi mojaro endilikda investorlar uchun asosiy muammoga aylangan. Ular mintaqaviy urushning cho‘zilib ketishi jahon savdosidan tortib inflyatsiyagacha bo‘lgan barcha sohalarga ta’sir qilishidan xavotirda.

KCM Trade bosh bozor tahlilchisi Tim Uoterrning fikricha, oltinga bo‘lgan talab “xavfsiz aktiv” sifatida yanada oshadi. Bunga inflyatsiyadan qo‘rqish, mojaroning davomiyligi va unga boshqa davlatlarning aralashish xavfi sabab bo‘lmoqda.

“Fond bozorlari va boshqa xavfli aktivlar katta ehtimol bilan sotuvga chiqariladi (pasayadi). Investorlar o‘z mablag‘larini qayerga yo‘naltirishni qidiradilar va bu ro‘yxatda oltin birinchi o‘rinda turadi”, deydi u.

Tahlilchilarning oltin bozori bo‘yicha prognozlari

City Index va Forex.com bozor tahlilchisi Favad Razakzoda oltin narxi bir unsiya uchun 5500 dollargacha, ehtimol yanvar oyidagi rekord – 5600 dollardan ham yuqoriroqqa ko‘tarilishini istisno etmayapti. Biroq ekspertning fikricha, AQSH dollari kursining qayta tiklanishi oltin narxining bundan yuqoriga o‘sishini cheklab qo‘yishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroil joriy yilning 28 fevral kuni Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi va mamlakat bo‘ylab ko‘plab zarbalar berildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp operatsiya boshlanishini Vashingtonning yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralarda “sabri tugagani” bilan izohladi.

Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi Amerika bazalariga qaratilgan havo hujumlari to‘lqinini boshladi. Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berish to‘xtab qolgan. Harbiy operatsiya davomida Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiy o‘ldirildi. 1 mart oqshomida Donald Tramp Eronning yangi rahbariyati AQSHga muzokaralar boshlashni taklif qilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

oltin Eron urush oltin narxi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing