Erondagi norozilik to‘lqini Qatarga ham yetib keldi
Olam
−
26 noyabr 2022
16425Erondagi siyosiy tartibsizliklar Eron terma jamoasining 25 noyabrdagi Jahon chempionatidagi ikkinchi o‘yiniga ham soya soldi. Eron hukumati tarafdorlari Qatardagi stadion tashqarisida hukumatga qarshi muxlislarni ta’qib qilishdi. Bu haqda “Al-Arabiya” nashri xabar berdi.
Ba’zi eronlik muxlislar “Ahmad Bin Ali” stadioniga kirib, norozilik harakati vakillarini haqorat qilishgan. Ular “Ayol, hayot, erkinlik” shiori yozilgan kiyimda bo‘lishgan. Yana bir guruh erkaklar stadion tashqarisida xorijiy ommaviy axborot vositalariga namoyishlar haqida intervyu bergan.
O‘yin davomida stadionda bir guruh eronliklar “Ayol, hayot, erkinlik” deb, yana bir guruh esa “Islom respublikasi” deya xayqirishgan.
Qatarda yashovchi 21 yoshli Vanya ismli ayol o‘sha kuni stadion tashqarisida boshidan kechirgan voqeadan keyin Eronga qaytib borishdan qo‘rqib qolganini aytgan.
“Menga hujum qilishdi, bu yerga kelganimda metroda butun yo‘l bo‘yi meni la’natlashdi”, deydi Vanya OAVga bergan intervyusida.
Ba’zi hukumatga qarshi muxlislar Eronning shu hafta boshida Angliyaga qarshi o‘tkazgan birinchi o‘yinida norozilik harakatini qo‘llab-quvvatlovchi belgilarni silkitgan edi. O‘sha o‘yin oldidan Eron futbolchilari ham davlat madhiyasi yangraganda sukut saqlashgandi. Kecha, 25 noyabrdagi Angliya bilan o‘yin oldidan futbolchilar davlat madhiyasini kuylashgan.
Eslatib o‘tamiz, Erondagi tartibsizliklarga joriy yilning 16 sentyabr kuni axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Aminining o‘limi sabab bo‘lgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi