Erondagi namoyishlarda xavfsizlik xodimini o‘ldirishda ayblangan 2 kishi qatl qilindi
Olam
−
07 yanvar 2023
5093Eron norozilik namoyishlari paytida xavfsizlik xodimini o‘ldirishda ayblangan ikki kishi osib o‘ldirildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 7 yanvar kuni Eron hukumati o‘tgan yilning sentyabr oyida 22 yoshli Mahsa Amini o‘limi ortidan bo‘lib o‘tgan umummilliy namoyishlar paytida xavfsizlik xodimini o‘ldirishda ayblangan ikki kishini qatl etdi. Osilgan ikki kishi Basij harbiylashtirilgan kuchlari militsiyasi a’zosini o‘ldirishda ayblangan. Xuddi shu holatda yana uch kishi o‘limga mahkum etilgan, 11 kishi esa qamoq jazosini olgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘lim jazosiga hukm qilinganlar himoya qilinish va o‘zlari tanlagan advokatlarni yollash huquqidan mahrum etilgan.
Norozilik namoyishlari Eron Islom Respublikasi tashkil etilganidan beri Islom Respublikasi uchun eng katta muammolardan biri hisoblanadi.
Avvalroq, Norvegiyada joylashgan Eron Inson Huquqlari Tashkiloti 22 yoshli Mahsa Amini o‘limi ortidan Eron Islom Respublikasini qamrab olgan ommaviy namoyishlarda 458 kishi halok bo‘lganini aytgani haqida xabar berilgan edi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
2022 yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga “yurak yetishmovchiligi” sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilgan. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilgan. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi