Erondagi namoyishlarda ayblangan taniqli aktrisalar hibsga olindi – OAV

Olam

image

Eronning ikki taniqli aktrisasi hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini ochiq qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olindi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi. 

Xengame G‘oziani hamda Katayun Riyahi til biriktirishda va Eron hukumatiga qarshi harakat qilishda ayblanmoqda.  

Avvalroq ikkala ayol ham omma oldiga ro‘molsiz chiqishgan. Bu namoyishchilar bilan birdamlik ishorasi hisoblanadi.

IRNA xabariga ko‘ra, bir necha marotaba mukofotlangan aktrisalar yakshanba kuni, 20 noyabrda Eron prokuraturasi buyrug‘i bilan hibsga olingan. 

Hibsga olinishidan avval Xengame G‘oziani ijtimoiy tarmoqlarda “Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, bilingki, men har doimgidek Eron xalqi bilan birga bo‘laman. Bu mening so‘nggi postimdir”, deb yozib qoldirgan.

Bu jarayonlarga mamlakatning mashhur shaxslari turli xil fikrlar bildirishgan.

20 noyabr kuni ertalab Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida qatnashayotgan futbol bo‘yicha Eron milliy terma jamoasi sardori Ehson Hajsafiy “mamlakatimizdagi shart-sharoit to‘g‘ri emas, xalqimiz xursand emasligini qabul qilishimiz kerak”, degan edi.

Yana bir mashhur shaxs – Eron boks federatsiyasi rahbari Husayn Suri o‘z mamlakatida namoyishlar zo‘ravonlik bilan bostirilgani sababli Ispaniyadagi turnirdan vataniga qaytmasligini ma’lum qilgan.

Huquq faollarining aytishicha, xavfsizlik kuchlari tomonidan namoyishlar bostirilishi natijasida 400 ga yaqin kishi o‘ldirilgan, yana 16 800 nafari hibsga olingan. 

Eron rahbarlarining aytishicha, namoyishlar – mamlakat tashqi dushmanlari tomonidan uyushtirilgan “tartibsizliklar”dir. Bunga aloqador besh nafar namoyishchi o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Erondagi namoyishlar 22 yoshli Mahsa Amini hijob qoidalarini buzganlikda ayblanib, poytaxt Tehronda axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingani va uch kun o‘tib, vafot etganidan keyin boshlangan edi.

Mahsa Amini vafoti va namoyishlar

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesdi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi. Masjidlar va hukumat binolariga o‘t qo‘yilgan, hijobli ayollarga, tez yordam mashinalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalariga hujum qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, Mahsa Aminining o‘limiga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qildi. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

36

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing