Eronda 22 yashar qiz o‘limidan keyin alangalagan namoyish qurbonlari soni 35 kishiga yetdi

Olam

image

Eron hukumati 22 yoshli Mahsa Amini o‘limidan so‘ng Islom Respublikasini qamrab olgan ommaviy namoyishlarda halok bo‘lgan va yaralanganlarning aniq sonini ma’lum qilmayapti. Biroq Eron davlat televideniyesi qurbonlar soni haqida dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar 35 nafarga yetishi mumkin.

Eronning 100 dan ortiq shaharlari va 30 dan ortiq viloyatida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Fox News”. Namoyishchilar politsiya va hukumat binolariga o‘t qo‘ymoqda. Huquq-tartibot xodimlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz bilan javob bergan. Kamida besh nafar politsiyachi halok bo‘ldi, deya xabar beradi “The Telegraph”.

Erondagi tartibsizliklar fonida mobil internet o‘chirilgan. Eron razvedka vazirligi 22 sentyabr kuni namoyishlarda ishtirok etish qonun buzilishi ekanligini va barcha namoyishchilar sudga tortilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

251

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing