Eronda namoyishlar G‘arb davlatlari tomonidan uyushtirilgani aytildi
Olam
−
29 noyabr 2022
4044Eron Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi norozilik namoyishlarini uyushtirishda G‘arb davlatlari bevosita ishtirok etgan deb hisoblaydi. Bu haqda kecha, 28 noyabr kuni Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani Shafiy bayonot berdi.
“Eronda norozilik namoyishlarini uyushtirishda AQSH bilan bog‘liq bo‘lgan G‘arb davlatlarining ishtiroki haqida batafsil ma’lumot ushbu davlatlarning Tehrondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga yetkazildi. Bundan tashqari, tartibsizliklarda bir qator xorijiy davlatlarning fuqarolari ishtirok etgan, bu haqda ko‘plab dalillar mavjud. Faktlar tegishli mamlakatlar hukumatlariga taqdim etilgan”, deydi Kanani Shafiy.
U gap aynan qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
22 noyabr kuni Eron sud hokimiyati matbuot kotibi Mas’ud Setayeshi Islom Respublikasini qamrab olgan namoyishlar chog‘ida Eronda 40 nafar xorijlik fuqaro hibsga olinganini aytdi. Ularning barchasi sud oldida javob beradi.
17 noyabr kuni Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon Isroil va ba’zi G‘arb siyosatchilarini Eronda fuqarolar urushi uyushtirishni rejalashtirayotganlikda aybladi, bu esa mamlakatning parchalanishiga olib keladi.
Mahsa Amini vafoti va namoyishlar
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Tehronda Eron axloq politsiyasi tomonidan Islom Respublikasining qattiq kiyinish qoidalarini buzgani uchun hibsga olinganidan keyin komaga tushib, vafot etdi.
Eronda uning o‘limidan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab misli ko‘rilmagan norozilik to‘lqini kuzatildi, so‘nggi to‘rt hafta ichida kamida 233 namoyishchi halok bo‘ldi. Namoyishchilar politsiya va “Basij” militsiyasi a’zolariga hujum qilgan, Qur’onni tahqirlagan, masjidlar va hukumat binolariga o‘t qo‘ygan, hijobli ayollarga hujum qilgan, tez yordam mashinalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalariga hujum qilingan. Ishtirokchilar Eronning turli shaharlarida hibsga olindi.
LiveBarchasi